14:16 / 07.04.2021
3955

O‘zbekistonda mart oyidagi soliq va bojxona tushumlari sezilarli o‘sdi

Respublikada mart oyidagi soliq tushumlari fevralga nisbatan 6 foizga, bojxona tushumlari esa 7,6 foiz ortdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, soliq tushumlari hajmi 2021 yil 1 martidan 31 martigacha bo‘lgan davrda fevral oyi shu davriga nisbatan 6 foizga o‘sdi.

Manbaga ko‘ra, soliq tushumlarining sezilarli darajada o‘sishi Sirdaryo (52,3 foiz), Surxondaryo (33 foiz), Qashqadaryo (23,6 foiz), Namangan (23,5 foiz), Jizzax (17, 4 foiz), Toshkent (14 foiz) viloyatlari, Toshkent shahri (10,8 foiz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (21,3 foiz) kuzatilgan.

Shuningdek, mart oyida bojxona to‘lovlaridan tushumlar o‘tgan oyga nisbatan 7,6 foizga o‘sgani ma'lum qilingan.

«Tushumlar hajmining eng katta o‘sishi Xorazm (2 baravar), Sirdaryo (49,9 foiz), Andijon (49,7 foiz), Surxondaryo (39,8 foiz), Navoiy (30,9 foiz), Buxoro (20,9 foiz) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (21,7 foizga) kuzatilgan», deyiladi ma'lumotda.

Fevral oyida davlat budjetiga soliq tushumlari yanvardagiga nisbatan 8,2 foizga ortgan edi. Bunda tushumlar hajmining eng katta o‘sishi Qashqadaryo viloyatida (38,3 foiz) kuzatilgan.

Shuningdek, bojxona bo‘yicha tushumlar fevralda yanvarga nisbatan 3,7 foiz o‘sib, eng katta ko‘rsatgich Surxondaryo viloyati (83,2 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Ma'lumot uchun, Davlat soliq qo‘mitasi ma'murlashtiradigan soliqlar bo‘yicha tushumlar 2020 yilda 103,6 trillion so‘mni tashkil etgan.

Davlat bojxona qo‘mitasi ma'murlashtiradigan soliqlar bo‘yicha tushumlar hajmi esa o‘tgan yili 24,7 trillion so‘m bo‘lgan.

Avvalroq 2021 yil 1 apreldan boshlab foyda solig‘i bo‘yicha ayrim soliq imtiyozlari bekor bo‘lishi xabar qilingandi. Xususan, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning 5 yil mobaynida ishlab chiqarishni kengaytirishga, ushbu maqsadlar uchun berilgan kreditlarni so‘ndirish xarajatlariga hamda lizing obekti qiymatini to‘lashga yo‘naltirilgan investitsiya summalariga foyda solig‘i bo‘yicha soliq bazasini kamaytirish huquqiga doir imtiyoz to‘xtatilishi keltirilgan. 

Top