Sessiya kun tartibi bo‘yicha viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning "Andijon viloyati hokimining 2021 yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2022 yilgi rejalari to‘g‘risida"gi murojaati tinglandi.
Viloyat hokimi to‘rt soat davom etgan murojaati davomida joriy yil hududda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilgan ishlarga to‘xtaldi.

Qayd etilishicha, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida tanlab olingan 31ta mahallada qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Qariyb 5 mingta yakka tartibdagi uy-joylar ta’mirlandi, 113 ta savdo majmuasi tashkil etildi, 827 km yo‘l, 354 km ichimlik suv, 1147 km elektr tarmoqlari, 9,9 km tabiiy gaz tarmoqlari, 277 km irrigatsiya, 37 ta ijtimoiy soha obektlarida qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlangan.

Mazkur ishlarga 240 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 100 mingdan ziyod aholining turmush darajasi yaxshilangan.
“2022 yilda 633 mlrd so‘mlik qurilish-obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda”, — dedi viloyat hokimi murojaatida.
Shuhratbek Abdurahmonov aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga katta e’tibor qaratish zarurligiga alohida to‘xtaldi.

“Hozirgi kunda viloyatda 5 ming 279ta sport inshooti mavjud bo‘lib, aholi va yoshlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. 71 mlrd so‘m evaziga 50 km uzunlikda “Salomatlik yo‘laklari” hamda 49 km uzunlikda “Velosiped yo‘lakchalari” va 856 ta vorkaut maydonchalari tashkil etildi. Bugungi kunga qadar aholining barcha qatlamlari, ayniqsa yoshlar o‘rtasida qariyb 19 mingdan ortiq ommaviy jismoniy tarbiya va sport tadbirlari o‘tkazilib, ularga 890 ming nafardan ziyod yoshlar jalb etildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida Andijon viloyati aholisining jismoniy tarbiya va sport tadbirlariga qatnashishi 19 foizdan 30 foizga yetkazildi”, — deb ma’lum qildi viloyat hokimi.
















