Kombinat tarkibidagi Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasi bu majmuaning korxonalarini o‘zaro bog‘lovchi rishta bo‘lib, rudalarni o‘z vaqtida boyitish fabrikalariga yetkazishdek mas’uliyatli vazifani bajarib keladi. Bundan tashqari, kombinatga keladigan texnologik yuklar va jo‘natiladigan mahsulotlar ham aynan sanoatning qon tomirlari bo‘lgan temiryo‘l orqali o‘z manzillariga yetkaziladi.

STTB tarkibida ayni paytda 13ta temiryo‘l stansiyalari bo‘lib, temiryo‘llar umumiy uzunligi – 249,05 kilometrni tashkil etadi. Kombinatda amalga oshirib kelinayotgan investitsiyaviy loyihalar doirasida temiryo‘l transporti sohasida ham salmoqli ishlar bajarilmoqda. Jumladan, “Sanoat temiryo‘l transport boshqarmasi markaziy yo‘l uchastkasini modernizatsiya qilish” investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlari jadallik bilan davom ettirilmoqda.

Yuk tashish jarayoni eng maqbul logistika va transport yo‘nalishlarini doimiy ravishda takomillashtirishni talab qiladi. Fevral oyining boshida “Olmaliq KMK” AJ logistika va temiryo‘l transporti bo‘limi tashabbusi bilan kombinatga “Ozodlik” stansiyasi orqali kiruvchi va chiquvchi yuklarning marshrutini o‘zgartirish bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun texnik qaror qabul qilindi. Ushbu taklif OKMK rahbariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, uni amaliyotga joriy etish vazifasi belgilandi. Mazkur taklif amaliyotga joriy etilishi natijasida kombinat tarkibiy bo‘linmalarida ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan texnologik yuklarning barqaror qabul qilinishi ta’minlanib, 2040 yilgacha uch baravargacha o‘sishi kutilayotgan yuk tashish hajmini qabul qilish hamda yiliga 6,7 mlrd so‘m mablag‘ni iqtisod qilish imkoniyati tug‘iladi.

Bundan tashqari, OKMK logistika va temiryo‘l transporti bo‘limi boshlig‘i Umar Mavlyanqulovning ma’lum qilishicha, mahsulotlar tannarxini kamaytirish, olib kelinadigan rudalar va texnologik yuklarni yetkazib berishda avtotashuvlar masofasini qisqartirish maqsadida “Chodak kon boshqarmasining tovar-moddiy boyliklarini “Pop” temiryo‘l bekatidan “Temiryo‘lobod” bekatiga tashish marshruti sxemasini o‘zgartirish” nomli ratsionalizatorlik taklifi ham berilgan. Mazkur taklifga ko‘ra, Chodak kon boshqarmasidan 12 km uzoqlikda joylashgan “Temiryo‘lobod” temiryo‘l bekatining ombor xo‘jaligi ko‘chirilishi ko‘zda tutilgan.

Chodak koni boshqarmasidan yuk tashish temiryo‘l orqali jo‘nash bekatidan “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJning “Pop” bekatigacha, keyin “Pop” bekatidan Chodak koni boshqarmasi omborlarigacha tashish masofa oralig‘i 70 km bo‘lgan yo‘l orqali avtotransport yordamida amalga oshirib kelinar edi.