16:31 / 27.06.2022
7125
Tanqiddan so‘ng: Fermerlar kengashi Payariq hokimi qarori bilan klasterga o‘tkazilgan yerlarni fermerlarga qaytarmoqchi
Foto: KUN.UZ

Payariqlik bir guruh fermerlardan tortib olinib, klasterga berib yuborilgan yerlar Kun.uz surishtiruvidan so‘ng rasmiylar e’tiboriga tushdi. Maqolada keltirilgan faktlar Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan o‘rganib chiqilgan.

Kengashga ko‘ra, Payariq tumani “Yashil diyor” MMTP hududidagi bir guruh fermer xo‘jaliklari, shu jumladan “Islomjon agroservis”, “Tog‘dagi lolazor”, “Madina Mirishkor dalasi”, “Samadtirkash dalasi” va “Guliston serquyosh dalasi” fermer xo‘jaliklarining paxta-g‘allachilik yo‘nalishidagi yer maydonlari Payariq tumani hokimining 2019 yil 25 yanvardagi 294-K-sonli qarori bilan noqonuniy tarzda “Samarqand Cotton Cluster SCC” MChJ klaster korxonasiga olib berilganligi aniqlangan.

O‘rganish davomida Payariq tumani hokimining ushbu qarori qabul qilingunga qadar yuqorida nomlari ko‘rsatilgan fermer xo‘jaliklari rahbarlarining yer ijara shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida yozma ravishda rozilik arizalari olinmagani va tuman hokimligi bilan fermer xo‘jaliklari o‘rtasida tuzilgan yer ijara shartnomasi bekor qilinmaganligi aniqlangan.

Vaholanki, Yer kodeksining 36-moddasiga muvofiq, fermer xo‘jaligining yer maydoni yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilgan taqdirda yoki sud tartibida olib qo‘yilishi mumkin.

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining tuman bo‘limi tomonidan 2022 yil 24 iyun kuni Samarqand tumanlararo ma’muriy sudiga “Islomjon agroservis”, “Tog‘dagi lolazor”, “Madina Mirishkor dalasi”, “Samadtirkash dalasi” va “Guliston serquyosh dalasi”kabi jami 5 ta fermer xo‘jaliklarining yer maydonlarini “Samarqand Cotton Cluster SCC” MChJga ajratib berish haqidagi Payariq tuman hokimining 2019 yil 25 yanvardagi 294-K-sonli qarorini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risida da’vo arizalari kiritildi.

Kengash tomonidan hozirda Payariq tumanidagi yana 10 ta fermer xo‘jaliklarining yer maydonlarini “Samarqand Cotton Cluster SCC” MChJga ajratib berish haqidagi Payariq tuman hokimining qarorini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risida da’vo arizalari tayyorlanmoqda, deyiladi kengash munosabatida.

Mavzuga oid
Top