16:52 / 30.06.2022
5029
Sirdaryoda soxta hujjatlar bilan o‘zganing mulkini o‘zlashtirgan bank xodimlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

“Mikrokreditbank” ATB Sirdaryo viloyat mintaqaviy filiali xodimlari o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yo‘li bilan 60 million so‘mni o‘zlashtirib, talon-toroj qilishgan.

Foto: IIB axborot xizmati

Sirdaryo viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, “Mikrokreditbank” ATB Sirdaryo viloyat mintaqaviy filiali xodimlari A.U. va O.Yu. hamda “MUXAMMADJON NURLI FAYZ” MChJ norasmiy rahbari S.D. bilan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish maqsadida oldindan jinoiy til biriktirgan.

Ular 2020 yil avgust oyida tadbirkorlar J.A. va Q.G.ning nomiga tikuvchilik faoliyatini takomillashtirish maqsadi bilan chiqarilgan 60 million so‘m kredit hujjatlarini hamda kafil sifatida ishtirok etmagan fuqaro N.M. va fuqaro O.I.ni kafil sifatida rasmiylashtirib, ularning nomidan bajarilgan imzo va yozuvlarni soxtalashtirgan.

So‘ng 60 million so‘mni norasmiy rahbari S.D. bo‘lgan, hisobida tikuvchilik uskunalari bo‘lmagan, “MUXAMMADJON NURLI FAYZ” MChJ hisob raqamiga o‘tkazib, pullarni naqdlashtirib, o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Guliston shahar IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “b” bandi, 228-moddasi 3-qismi va 167-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ATB “Mikrokreditbank” Sirdaryo mintaqaviy filiali sobiq xodimi A.U. va boshqalarni ayblash haqidagi jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Qashqadaryoda pensiya va nafaqa pullarini talon-toroj qilgan bank xodimlari aniqlangandi.

Top