08:43 / 30.06.2022
6212
Tashqi ishlar vazirligi tuzilmasida yangi boshqarma tashkil etildi

Tashqi ishlar vazirligi tuzilmasida Madaniy-gumanitar aloqalar, turizm va sport masalalari boshqarmasi tashkil etildi.

Foto: Kun.uz

Madaniyat, fan va ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport va turizm, gumanitar aloqalar sohalarida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tizimida Madaniy-gumanitar aloqalar, turizm va sport masalalari boshqarmasi tashkil etildi.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, yangi bo‘linma O‘zbekistonning belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha tashqi siyosiy vazifalarini amalga oshirish, sivilizatsiyalar global muloqotida O‘zbekiston faol pozitsiyasini ta’minlash va O‘zbekiston ijobiy imijini ilgari surishda muvofiqlashtiruvchi o‘rin tutadi. 

Xorijiy muzey fondlari, arxivlari va kolleksiyalarida saqlanayotgan O‘zbekiston milliy madaniy va ilmiy meroslarini izlab topish, qaytarish, shu jumladan asl nusxalar dublikatlarini olish orqali qaytarishda ishtirok etadi. 

Shuningdek, boshqarma o‘zbek tili, madaniyati, tarixi, adabiyotini xorijda o‘rganish va taqdim etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va hamkorlikni kengaytirishga ko‘maklashadi. 

Boshqarma vakolatiga kiruvchi yo‘nalishlar bo‘yicha talabalar ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish, oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida va akademik shartnomalar hamda memorandumlar tuzish choralarini ko‘radi.

Yangi boshqarma faoliyatida «yumshoq kuch», xalq, madaniy va sport diplomatiyasi vositalaridan keng foydalanishga ustuvor ahamiyat beriladi.

2022 yil 1 iyuldan vazir ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha maslahatchisi Anvar Abduhalimov bir vaqtning o‘zida Madaniy-gumanitar aloqalar, turizm va sport masalalari boshqarmasi boshqarma boshlig‘i etib tayinlandi.

Top