15:52 / 02.07.2022
24486

“Dovud ota” postidan Qozog‘istonga o‘tish va qaytish vaqtincha to‘xtatildi

Qo‘ng‘irotdagi “Dovud ota” posti orqali O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida fuqarolar, avtomobillar va yuklar harakati vaqtincha to‘xtatildi. Qoraqalpog‘iston – Beyneu yo‘nalishida temiryo‘l qatnovi ham to‘xtatilishi mumkin. Bunga O‘zbekiston tarafining tegishli axborot tizimida kelib chiqqan nosozlik sabab ekani aytilmoqda.

Foto: atpress.kz

Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi O‘zbekiston tomonining axborotiga binoan O‘zbekiston bilan chegaradagi “Dovud ota” – “Tajyen” o‘tkazish punkti vaqtincha yopilganini ma’lum qildi.

“2022 yil 1 iyul kuni o‘zbek hamkorlarimizdan olingan ma’lumotga binoan, axborot tizimi ishdan chiqqani munosabati bilan O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida “Dovud ota” – “Tajyen” (avtomobil) o‘tkazish punkti orqali fuqarolar, transport vositalari va yuklar o‘tishi vaqtincha to‘xtatildi”, – deyiladi xabarda.

“Dovud ota” posti Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida, “Tajyen” posti esa Qozog‘istonning Mang‘istou viloyati Beyneu tumanida joylashgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, yuqoridagi sabab tufayli Qoraqalpog‘iston – Beyneu yo‘nalishida temiryo‘l qatnovini ham to‘xtatish rejalashtirilmoqda.

Qozog‘iston MXQ o‘tkazish punkti ochilganida bu haqda ma’lumot berilishini qayd etgan. Mazkur o‘tkazish punkti orqali davlat chegarasini kesib o‘tmoqchi bo‘lgan fuqarolarga o‘z marshrutlarini avvalroq rejalashtirish tavsiya etilgan.

Mavzu
Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar
1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahrida tartibsizliklar kuzatildi. Milliy gvardiya xodimlari bilan to‘qnashuvlarda 200 dan ortiq kishi yaralangan, 18 kishi halok bo‘lgan.
Barchasi
Top