08:30 / 03.07.2022
28492

“Xalqlar birligini hech qanday kuch buzolmaydi” - o‘zbek jamoatchiligi faollari Qoraqalpog‘iston voqealari haqida

Turli sohalar vakillari prezident Shavkat Mirziyoyevning Nukusga tashrifi chog‘ida e’lon qilingan qaror tushunmovchilikka yechim bo‘la olishi, et va tirnoq kabi bo‘lgan ikki millatning o‘rtasi buzilmasligiga umid va ishonch bildirishmoqda.

Sherzodxon Qudratxo‘ja, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori:

Foto: O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi

— Murakkab vaziyatda to‘g‘ri qaror qabul qilindi, qisqa muddat bor edi. O‘zbekiston lideri yetti o‘lchab emas, 70 marta o‘lchab yakka-yu yagona qaror qabul qildi menimcha. Bugun Mo‘ynoqdan qaytib mulohaza qilib yurgandim: tinchlik uchun, xalq uchun, kelajak uchun, taraqqiyot uchun shunday dono qaror qabul qilindi.

Shahnoza Soatova, bloger, adliya vazirining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

— Soat tungi 1 bo‘lyapti, uyqu yo‘q, ko‘zim ijtimoiy tarmoq tasmalarida.

Prezident shaxsan o‘zi bordi, Konstitutsiyaning o‘sha boblari o‘zgarishsiz qoladi dedi. Siyosat va diplomatiyaning insoniylik qiyofasi ko‘rsatildi. Oyoq tiralmadi, zulm qilinmadi, tinglandi, dialog boshlangandek edi.

Endi shunda ham namoyishchilar tinchlanmasa, separatistlik g‘oyalarini avj oldirsa, garovda davlat chegaralarining yaxlitligi va xavfsizligi turibdi. 

Ko‘pchilik qatori men ham juda xafaman. Vaziyat shu darajaga kelganidan, qilingan xatolardan, qilinmagan to‘g‘ri ishlardan.. ayniqsa, kimlardir bu olovda qo‘lini isitmoqchi bo‘layotganidan…

Biz divanda yotvolib siyosatshunoslik qilayotganimizda kimlardir eng og‘ir qarorlarni beryapti…

O‘zi shu paytgacha o‘zbekdan kim nima jabr ko‘rdi? Okkupantlik qilib birovning tarixiy yerlarini bosib oldimi? Boshqa mamlakatlar ichida fitna qo‘zg‘adimi? O‘zi moy yeb qardoshiga non bermayaptimi yo? 

Mamlakatda yetti tilda ta’lim berilsa, o‘ziga zarur maktab-u kasalxonalarni qo‘shnilariga qursa, doim tinchlik va hamjihatlik bo‘lsin desa.. Qayerda birovning tili yo boshqa milliy g‘ururini kamsitdi? O‘zi bir jafokash, tinchliksevar xalq bo‘lsa. Qaydan o‘sib chiqyapti shuncha adovat?

O‘zbek-qoraqalpoq xalqlari tarixda nimaiki jafo ko‘rgan bo‘lsa va kimdanki ko‘rgan bo‘lsa, birga ko‘rgan. Doim bir-birini qo‘llagan. 

Iltimos, tugataylik shu mojaroni. Judayam iltimos. Og‘a-inilar yovlashsa, urug‘-zot buziladi. Farzandlarimiz, avlodlar uchun bo‘ldi qilaylik.

Bobur Bekmurodov, «Yuksalish» umummilliy harakati raisi, Qonunchilik palatasi deputati

 

Bobur Bekmurodov / Kun.uz

— Ma’lumki, mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilmoqda va dastlabki loyiha 5 iyulgacha davom etadigan umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan. 

Biroq, Qoraqalpog‘iston Respublikasining maqomi to‘g‘risidagi ayrim o‘zgartirishlar Qoraqalpog‘iston aholisining ma’lum qismi o‘rtasida tushunmovchilik va xavotirga sabab bo‘lganining guvohi bo‘ldik.

Bir necha kun davomida aholining norozi qismi o‘z fikrini bildirish uchun rasmiy vositalardan foydalandi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda 1341 raqamiga qo‘ng‘iroq qildilar, “Mening Konstitutsiyam” platformasiga ham murojaatlar yuborildi.

Voqealar rivojini, ayniqsa maxsus tashkil etilgan telegram messenjerlarining ishini shaxsan o‘zim kuzatdim va o‘rgandim. 
Xulosa shuki, aholi muhokamalarning boshlanishida o‘z noroziligini faqat rasmiy kanallar orqali ifoda etdi va shunday chaqiriqlar bo‘ldi. Chunki konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish – hali to‘xtamagan, balki davom etayotgan muhokama jarayonidir. Ya’ni yakuniy loyiha hali shakllantirilmagan edi. 

Biroq kecha Nukus shahrida to‘satdan agressiya unsurlari mavjud bo‘lgan noqonuniy namoyishlar uyushtirildi. Alohida guruhlar va provokatorlar yig‘ilgan fuqarolar bilan aralashib, ma’muriy binolar majmuasidagi davlat muassasalarini egallab olishga urindi. Maqsad tushunarli - shu orqali O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarish. Ishonchim komilki, huquq-tartibot idoralari bu jinoiy urinishlarga huquqiy baho beradi.

Men milliy va xalqaro hamjamiyatni geosiyosiy jarayonlarning provokatsion to‘lqinlaridan ogoh bo‘lishga, ularning nishoniga aylanib qolmaslikka chaqirmoqchiman. O‘zbekiston so‘nggi yillarda izchil rivojlanayotgan, demokratik qadriyatlarga sodiqligini namoyon etgan davlat!

O‘zbekistonning har bir fuqarosi konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar yuzasidan o‘z fikrini bildirish huquqiga ega. Shu bilan birga, bularning barchasi qonuniy imkoniyatlar doirasida amalga oshishi kerak. 

Biz huquqiy va demokratik davlat qurmoqdamiz. Barchadan biz tanlagan yo‘limizni hurmat qilishni so‘rayman.
Qoraqalpoq eli nihoyatda dono va oliyjanobdir. Ziddiyatli vaziyatlar bo‘lmasligiga ishonaman.

Behzod Mamatqulov, BMB Trade Group kompaniyasi Kuzatuv kengashi raisi:

— Qoraqalpoq va o‘zbek tarixiy, asrlar osha qadimdan bir-biriga jips xalq, elat, ularni ayro tasavvur qilish mumkin emas. Oxirgi kunlarda Konstitutsion islohotlarning biroz noto‘g‘ri talqini tufayli QRda ayrim aholi o‘rtasida norozilik bo‘lib o‘tdi. Buni o‘z vaqtida tushunib yetgan davlat rahbari Qoraqalpog‘istonga yetib borib, o‘zining ma’ruzasida Konstitutsiyaviy islohotlardagi aynan Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tegishli qismi o‘zgartirilmaydi deb bayonot berdi.

Bu to‘g‘ri qaror edi. Buni tadbirkor sifatida, ko‘p ming sonli tizim rahbari sifatida men ham qo‘llab-quvvatlayman!

O‘ylaymanki, barcha masalalar o‘z yechimini topib asrlar davomida davom etib kelayotgan mustahkam rishtalarimiz abadiy bo‘lib qoladi!

Aziza Umarova, bloger, jamoat faoli:

Foto: SelfMama Uzbekistan

— Prezident bugun Nukusga uchib keldi va Qoraqalpog‘iston suvereniteti bilan bog‘liq moddalarni o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi. Bu hozirgi murakkab vaziyatdagi yagona to‘g‘ri harakat edi.

Qoraqalpoqlar – mard, jasur, dovyurak xalqdir. Va ular buni yana bir bor isbotlashdi.

Umid qilamanki, aksiya ishtirokchilariga nisbatan hech qanday jazo choralari va tazyiqlar bo‘lmaydi. Siz baribir qopga yashirina olmaysiz. Xato qilmang. Olg‘a davom etamiz. Faqat taraqqiyot, faqat o‘sish, faqat muhabbat. Hammamizga tinchlik.

Karimberdi To‘ramurod, yozuvchi:

— Prezident Nukusga yetib bordi! To‘g‘ri qildi! Prezident Qoraqalpog‘istonga oid BIRORTA MODDAGA O‘ZGARISh KIRITILMAYDI, dedi. To‘g‘ri qildi!

Prezident farmon berdi:

“Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 2022 yil 3 iyul kuni soat 00:01 dan 2022 yil 2 avgust kuni soat 00:00 ga qadar bo‘lgan davrda favqulodda holat joriy etilsin!” To‘g‘ri qildi!

Qani, endi qoraqalpoq birodarlarimizning boshini aylantirayotganlar, ularni gijgijlayotganlar nima qilar ekan?

Sherali Ortiqov, kinorejissyor:

— Qoraqalpoqda mening og‘alarim, ukalarim, jiyanlarim, do‘stlarim, qadrdonlarim ko‘p, doim sog‘inib talpinaman. Oxirgi kunlarda bo‘lib o‘tayotgan ko‘ngilni xafa qiladigan tushunmovchiliklar oqibatidagi noroziliklarni eshitib, ko‘rib, kuzatyapmiz...

Doim yomon niyatli odamlar bo‘ladi, ikki do‘stning orasini ko‘rolmay buzmoqchi bo‘ladigan, biroq ularga aldanib qolish kerak emas. Do‘stlik bu – eng avvalo ishonch.

Bugun prezidentimiz Qoraqalpog‘istonga borib barcha tushunmovchiliklarni bartaraf etdilar. Ming shukr. O‘zbek va Qoraqalpoq elining birligini hech qanday yovuz kuchlar buzolmaydi inshaalloh!

Mavzu
Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar
1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahrida tartibsizliklar kuzatildi. Milliy gvardiya xodimlari bilan to‘qnashuvlarda 200 dan ortiq kishi yaralangan, 18 kishi halok bo‘lgan.
Barchasi
Top