17:00 / 11.07.2022
18317

Ukraina mudofaa vaziri: Zelenskiy janubni qaytarib olishni buyurdi

Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikovning ma’lum qilishicha, mamlakat G‘arb qurollari ko‘magida janubdagi hududlarni qaytarib olish uchun 1 million kishilik qo‘shin yig‘moqda.

Foto: Picture Alliance

Ukraina 1 million kishilik qo‘shinni to‘plamoqda, uning vazifalari G‘arb tomonidan yetkazib berilgan qurollar yordamida mamlakat janubidagi Ukraina hududlarini Rossiyadan qaytarib olishni o‘z ichiga oladi. Bu haqda Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov 10 iyul, yakshanba kuni chop etilgan The Times gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Reznikovning so‘zlariga ko‘ra, prezident Volodimir Zelenskiy ukrainalik harbiylarga Qora dengiz sohilidagi Ukraina iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan bosib olingan hududlarni qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. 

«Biz siyosiy nuqtayi nazardan bu (janubning qaytishi) mamlakatimiz uchun nihoyatda zarur ekanligini tushunamiz», — dedi Oleksiy Reznikov. Uning aniqlik kiritishicha, Zelenskiy tegishli rejalarni ishlab chiqish buyrug‘ini bergan, shundan so‘ng Mudofaa vazirligi rahbari qurol olish uchun bir qator davlatlardagi hamkorlar bilan bog‘langan. 

Oleksiy Reznikovning ta’kidlashicha, Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles Kiyevga sovet texnikasini yetkazib berishdan NATOning yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari va yuqori texnologiyali dronlar orqali boshqariluvchi, kalibri 155 mm bo‘lgan o‘q-dorilar bilan ishlovchi standart artilleriyasiga o‘tishga yordam berdi.

«Ukrainada o‘ttiz yillik qurollarga ega sovet davridan qolgan qurolli kuchlar bor edi. Biz buni uch oy ichida o‘zgartirdik», - dedi mudofaa mahkamasi boshlig‘i. 

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, Ukrainaga NATOdan hamkorlar tomonidan ko‘rsatilayotgan yordamdan mamnun, ammo qurol yetkazib berish tezligi hamon ancha sust. «Askarlarimiz hayotini saqlab qolish uchun qisqa vaqt ichida bizga ko‘proq qurol kerak», — dedi Reznikov. 

Avvalroq, 20 iyun kuni Ukraina mudofaa vaziri Rossiya bilan munosabatlarni qayta tiklash bo‘yicha muloqot sharti sifatida Rossiya Federatsiyasining «hech bo‘lmaganda Yevropa qismini demilitarizatsiya qilish»ni ko‘rsatgan edi. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top