18:36 / 23.07.2022
14255

Vengriya bosh vaziri YeIni Rossiyaga nisbatan yangi strategiya tuzishga chaqirdi 

Viktor Orbanning fikricha, YeI hozirgi yo‘l bilan g‘alaba qozona olmasligi «kunday ravshan». 

Foto: REUTERS/Johanna Geron/Pool

Yevroittifoqqa Rossiya va Ukraina nizosi borasida yangi strategiya kerak, chunki Rossiyaga qarshi sanksiyalar ishlamayapti, dedi Vengriya bosh vaziri Viktor Orban.

Yevroittifoqning hozirgi strategiyasi to‘rt tamoyilga asoslangan: Ukraina NATO qurollari bilan Rossiyani yenga oladi, sanksiyalar Rossiyani zaiflashtiradi va uning rahbariyatini izdan chiqaradi, sanksiyalar Yevropadan ko‘ra Rossiyaga ko‘proq zarar beradi va butun dunyo Yevropani qo‘llab-quvvatlash uchun birlashadi, dedi u.

Biroq bu strategiya barbod bo‘ldi: Yevropadagi hukumatlar xuddi domino kabi ag‘darilmoqda, energiya resurslari narxlari osmonga chiqib ketdi, deb hisoblaydi Vengriya bosh vaziri.

«Biz barcha g‘ildiraklari teshilgan mashinada o‘tiribmiz», — dedi u. 

Orbanning fikricha, YeI bunday yo‘l bilan g‘alaba qozona olmasligi «kunday ravshan».

Vengriya iyun oyida Yevroittifoqni Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritish o‘rniga u bilan diplomatik muzokaralar boshlashga chaqirgandi.

Budapesht shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketi qabul qilinishiga uzoq vaqt qarshi chiqqandi.

Oxirgi haftalarda Yevropadagi bir nechta mamlakatlarning hukumat rahbarlari iste’foga chiqdi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson 7 iyul kuni iste’foga chiqishini e’lon qildi, Italiyada bosh vazir Mario Dragi iste’foga chiqdi. Ulardan tashqari, Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas iste’foga chiqdi, lekin yangi koalitsion hukumatga yana o‘zi rahbar bo‘ldi. Bolgariyada esa parlament bosh vazir Kiril Petkov boshchiligidagi koalitsion hukumatga ishonchsizlik votumi bildirdi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top