10:55 / 30.07.2022
4679
Ukraina Bosh prokuraturasi ukrainalik asirning qiynoqqa solingani bo‘yicha ishni tergov qilmoqda

Telegram-kanallarda joylashtirilgan videoda rossiyalik harbiylar Ukraina formasiga o‘xshash kiyimdagi odamni qiynoqqa solgani va o‘ldirgani ko‘rsatilgan. Mazkur holat yuzasidan urush qonunlari va odatlarini buzish moddasi bo‘yicha ish ochildi.

Foto: Ukraina bosh prokuraturasi

Ukraina Bosh prokuraturasi 29 iyul, juma kuni rus askarlari ukrainalik asirni qiynoqqa solayotgani aks etgan videoni o‘rganish natijalari bo‘yicha jinoiy ish ochdi. Ish urush qonunlari va odatlarini buzish moddasi bo‘yicha ochilgan, deb xabar berdi mahkama. 

Bir necha soat oldin Ukraina Oliy Radasining inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitriy Lubinets videoni Jyeneva konvensiyasi buzilishi ehtimoli bo‘yicha harbiy jinoyat nuqtayi nazaridan tekshirishga chaqirdi. Lubinetsning so‘zlariga ko‘ra, BMT, Qiynoqlar oldini olish bo‘yicha Yevropa qo‘mitasi va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga ham xabarlar tayyorlanmoqda. 

Videoda kamuflyaj formasidagi ikki erkak Ukraina formasiga o‘xshagan kiyimdagi odamni yerda ushlab turgani aks etgan. Ulardan biri ukrainalik asirni qiynoqqa solgan, unga kanselyariya pichog‘ini tiqib olgan.

Video internetda rossiyaparast va ukrainaparast bir qancha telegram-kanallarda paydo bo‘ldi. U qayerda, qachon va kim tomonidan olingani hozircha noma’lum. Keyinroq, 29 iyul kuni videoning ikkinchi qismi rossiyaparast telegram-kanallarda paydo bo‘ldi. Unda ukrainalik harbiyning boshiga o‘q uzilgani aks etgan. 

Ukraina va Rossiya bir-birini harbiy asirlarni qiynoqqa solayotganlikda ayblab keladi. Human Righs Watch tashkiloti o‘z hisobotlaridan birida qiynoqqa uchragan Ukraina askarlarining ikki o‘limini qayd etgan. 

Mavzu
Ukraina inqirozi
2021 yil davomida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin to‘pladi. So‘nggi vaqtlarda mintaqada vaziyat keskinlashmoqda.
Barchasi
Top