10:36 / 02.08.2022
5564
Ukraina: jo‘natilayotgan don bozorga umid beryapti

Ukraina infratuzilma vaziri o‘rinbosari Yuriy Vaskov yaqin ikki hafta ichida Odessa oblasti portlarida qolgan va don ortilgan 16 ta kema ham ochiq dengizga chiqarilishiga umid qilmoqda.

Foto: Reuters

Odessa oblastining uchta portida RF bilan urush boshlanishidan oldin yuklangan va Ukraina g‘allasi bo‘lgan 16 ta kema qolmoqda. Bu haqda Ukraina infratuzilma vaziri o‘rinbosari Yuriy Vaskov 1 avgust, dushanba kuni DW’ga bergan intervyusida ma’lum qildi. U bu kemalar yaqin ikki hafta ichida jo‘natilishi va tez orada yana uchtasi tovar uchun yetib kelishiga umid bildirdi. 

1 avgust kuni Odessa portidan Ukraina doni bo‘lgan birinchi yuk kemasi jo‘nab ketdi. «Ushbu birinchi partiya butun bozorga Ukraina yana jahon oziq-ovqat dasturlarida ishtirok etishiga va jahon oziq-ovqat xavfsizligi muvozanati tiklanishiga umid beradi. Demak, bu juda muhim», - dedi Odessa portining sobiq rahbari Vaskov DW bilan suhbatda.

Vazir o‘rinbosari yuk tashuvchi kemalar soni «kun sayin ortib borishiga» umid bildirdi. Sentyabrga kelib, eksport hajmini oyiga 6 million tonnaga yetkazish mumkin, deb hisoblaydi Yuriy Vaskov. 

Uning aniqlik kiritishicha, Qora dengizda minalar portlashi xavfi ostida xavfsizroq tashishni ta’minlash uchun kemaga maxsus qayiq hamrohlik qilgan. 

Makkajo‘xori ortilgan, Serra-Leone bayrog‘i ostidagi Razoni kemasi 1 avgust kuni ertalab dengizga chiqdi. Ukraina infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakovning so‘zlariga ko‘ra, u Livanga ketgan, buni Turkiya Mudofaa vazirligi tasdiqlagan. 

Istanbul don eksportini nazorat qilish markazi ma’lumotiga ko‘ra, yuk kemasida 26 ming tonnadan ortiq makkajo‘xori olib ketilmoqda. Markaz, shuningdek, Razoni 2 avgust kuni Turkiya hududiy suvlariga yetib kelishi kutilayotganini bildirdi. Tekshiruvdan so‘ng kema Tripoliga yo‘l oladi. 

Ukraina QK Harbiy-dengiz kuchlari matbuot markazi ta’kidlashicha, yuk kemasining o‘tishi sinov tarzida amalga oshirilayotgan bo‘lib, u Qora dengizdagi «don yo‘lagi» faoliyatini tekshirishga mo‘ljallangan. «Ushbu natijalarga ko‘ra, tegishli qarorlar qabul qilinadi», — deyiladi bayonotda. 

Top