Jamoa a’zolari (chapdan o‘ngga):

  • Ravshan Ismoilov - UzTelecom aksiyadorlik jamiyati mutaxassisi (chapdan o‘ngga);
  • Azizbek Abdullayev - mustaqil tadqiqotchi;
  • Farrux Rafiqov - muhandis-loyihachi (jamoa sardori);
  • Saidkamol Abdurazzoqov - menejyer; 
  • Shavkat Ulug‘ov - muhandis-texnolog.
  • Umarxon Sharif - muhandis.

Farrux Rafiqov jamoasi 2022 yilning yozgi mavsumi to‘rtinchi o‘yinida ishtirok etdi. Jamoa mavsumda qatnashayotgan eng tajribalilaridan biri bo‘lsa ham finalga chiqishda har safar omad yetishmay qolyapti. Jamoa bu mavsumda finalga chiqish uchun kamida 6:4 hisobida g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi.

1-raundda Bahovuddin Naqshband Haj safariga ketishda nega shogirdlariga yigirmata tovoq olishni buyurgani haqida savol o‘ynaldi. Jamoa muhokama davomida to‘g‘ri yo‘nalish olgan bo‘lsa-da, biroq to‘g‘ri javobga yetib bora olmadi. Hisob – 0:1.

2-raundda ko‘chmanchi xalqlar ishlatadigan jihoz haqida savol o‘ynaldi. Bu raundda Umarxon Sharif to‘g‘ri variantni aytgan bo‘lsa-da, jamoani o‘z fikriga ishontira olmadi. Natijada bu raund ham qo‘ldan boy berildi. Hisob – 0:2.

3-raund savoli “Uch mushketyor” romanida mushketyorlarning jangga tayyorgarlik ko‘rishi haqida bo‘ldi. Bu savol jamoaga biroz qiyinlik qildi. Shunga ko‘ra, muhokama vaqtida umuman to‘g‘ri variant bo‘lmadi. Hisob yirik ko‘rinish oldi – 0:3.

Navbatdagi raund savoli Lego o‘yinchoqlaridan yasalgan turli asarlarga o‘xshatmalar haqida bo‘ldi. Blitsning birinchi va ikkinchi savolini osonlik bilan topgan jamoa 3-savolga kelib qiynalib qoldi. Shu sababli, blitsning 3-savoliga klub yordami olindi. Yordam o‘z vaqtida olindi va bilimdonlar o‘zlarining ilk ochkolarini qo‘lga kiritdi. Hisob – 1:3.

5-raundda bekobodliklar yoqtirmaydigan va Tailandda ko‘plab avtohalokatlarga sabab bo‘lgan narsa sandiqchada olib chiqildi va uning nimaligini topish so‘raldi. Muhokamani to‘g‘ri yo‘nalishda olib borgan jamoa yakunda savolga ham to‘g‘ri javob bera oldi. Hisob esa qisqardi – 2:3.

Keyingi raundda harbiy maqsadda ishlatiladigan UAZ-469 avtomobili haqida savol o‘ynaldi. O‘yindagi qiyin savollardan yana biri bu safar ham teletomoshabinlarga ochko keltirdi. Hisob – 2:4.

7-raund savoli bilimdonlarga qulay keldi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” dramasi chop etilishidagi muammo haqidagi savol jamoaga navbatdagi ochkoni olib keldi. Hisob yana qisqardi – 3:4.