14:14 / 06.08.2022
5480
Samarqandda katta miqdorda neft mahsulotlari talon-toroj qilingani ma’lum bo‘ldi
Foto: AP

Samarqanddagi “Maroqand neft bazasi”MChJga qarashli Bulung‘ur filialida qariyb 21,5 mlrd so‘mlik neft mahsulotlari talon-toroj qilingan. Bu haqda “O‘zbekneftegaz” matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘rganishlar jarayonida, Bulung‘ur filiali xodimi X.L. javobgarligidagi neft mahsulotlari inventarizatsiyadan o‘tkazilganda, 7ta vertikal po‘lat sig‘imlarga (RVS) qasddan texnik o‘zgartirish kiritish va qo‘lbola usulda sig‘im ichiga temir quvur joylashtirilganligi aniqlangan.

Natijada jami 21 mlrd 494,7 million so‘mlik 2 ming 573,5 tonna neft mahsulotlari kamomadiga yo‘l qo‘yilib, katta miqdorda talon-toroj ishlari amalga oshirilgan.

Xususan:

  • AI-80 avtobenzinidan 18 mlrd 340,4 mln so‘mlik 2 382,1 tonna;
  • EKO markali dizel yoqilg‘isidan 75,2 mln so‘mlik 4,7 tonna;
  • TDL-05 markali dizel yoqilg‘isidan 1 mlrd 752,1 mln so‘mlik 111,6 tonna;
  • TD-K5 yevro markali dizel yoqilg‘isidan 1 mlrd 327,0 mln so‘mlik 75,1 tonna.

"O‘zbekneftegaz" matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, ushbu jinoiy ish doirasidagi barcha tegishli hujjatlar DXX va Bosh prokuraturaga taqdim qilingan.

Avvalroq, “Maroqand neft bazasi”dagi talon-torojlik holatlari va neft mahsulotlari noqonuniy sotilishi ortidan 11 nafar xodim ishdan olingani ma’lum qilingandi

Top