18:27 / 22.08.2022
34260
Qirg‘izistonda 23 avgust motam kuni deb e’lon qilindi

21 avgust kuni Rossiyaning Ulyanovsk oblastida sodir bo‘lgan YTH oqibatida 14 nafar Qirg‘iziston fuqarosi halok bo‘ldi.

Foto: RIA Novosti

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Rossiyaning Ulyanovsk oblastida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida qirg‘izistonliklar halok bo‘lishi munosabati bilan fuqarolarga murojaat qildi

"Biz vatandoshlarimiz yo‘l-transport hodisasiga uchragani to‘g‘risidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildik. 

Men halok bo‘lganlarning yaqinlarini tushunaman va ularga hamdardman, hozir ularga juda og‘ir. Bunday paytda hamdardlik so‘zlarini aytish qiyin. Avariya oqibatida halok bo‘lgan va jarohatlanganlarning qarindosh va yaqinlariga chuqur hamdardligimni bildiraman", - dedi Qirg‘iziston prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasida halok bo‘lganlar va jabrlanganlarning oila a’zolari va yaqinlariga yordam ko‘rsatiladi.

Japarov bu masalani shaxsan o‘zi nazorat qilishini ta’kidladi.

"Aziz vatandoshlar, bu fojia – butun xalqimizning qayg‘usi, shu sababli 23 avgustni Qirg‘iz Respublikasi hududida umummilliy motam kuni deb e’lon qilaman", - dedi Sadir Japarov.

Ulyanovsk oblastida 21 avgust, yakshanba kuni mikroavtobus va ikkita yuk mashinasi to‘qnashib ketdi. Nikolayevskiy tumanining Nikolayevka qishlog‘i yaqinida M-5 Ural yo‘lida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

IIV oblast boshqarmasi xabariga ko‘ra, yuk mashinalaridan birining haydovchisi o‘z vaqtida tezligini pasaytirmagan va mikroavtobusga borib urilgan.

YTH oqibatida 16 kishi halok bo‘lgan, ularning 14 nafari Qirg‘iziston fuqarosi. Uch nafar qirg‘izistonlikning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu fojia munosabati bilan Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovga hamdardlik bildirdi.

Top