Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida joylashgan To‘dako‘l suv havzasi bo‘yicha 4 yildan buyon davom etayotgan mojaro tobora chigallashib bormoqda: Oliy sud oldingi sud qarorlarini bekor qilib, ishni qayta ko‘rish uchun Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudiga yubordi. Kun.uz oldinroq ushbu mavzu bo‘yicha maqola e’lon qilgandi.

Qo‘ldan-qo‘lga o‘tgan To‘dako‘l

Mojaro sababi To‘dako‘lni ijaraga olish bilan bog‘liq. 2004 yilda “Shams-Navoiy” korxonasi “CASEF” jamg‘armasi bilan “Aqua-Tudakul” O‘zbekiston-Amerika qo‘shma korxonasini tashkil etgan va o‘tkazilgan tenderda To‘dako‘l suv havzasini 18 yil muddatga ijaraga olish huquqini qo‘lga kiritgan.

“Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasining 18 yillik ijara shartnomasi 2022 yilda tugashi kerak edi. Ammo 2018 yilda tabiiy suv havzalari doimiy ravishda tanho foydalanish uchun “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasiga berilgach, uyushma To‘dako‘lni ijaraga berish uchun 2018 yil yanvar oyida qayta tender o‘tkazgan. 4 ta firma o‘z takliflari bilan qatnashgan tenderda “Aqua-Tudakul” qo‘shma korxonasi yana g‘olib bo‘lgan va “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan 10 yillik shartnoma imzolagan.

Oradan qariyb 3 oy o‘tib, 2018 yil aprel oyida “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi shartnomani bekor qilish va tanlov o‘tkazish haqida buyruq qabul qilgan. May oyiga kelib esa qayta tender “tashkil etilgan” va To‘dako‘l “Golden Lake Fish” MChJga o‘tgan.

“Aqua-Tudakul” MChJ “SHAMS-NAVOI” XK va “Central Asiya Small Enterprise F” (CASEF) jamg‘armasining ta’sischiligida ochilgan. Ushbu qo‘shma korxona 2018 yilga qadar 14 yil davomida To‘dako‘l suv havzasidan foydalanib kelgan. “Golden Lake Fish” MChJ esa tender o‘tkazilishidan bor-yo‘g‘i 16 kun oldin, 2018 yil 7 may kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Qariyb 46 mlrd so‘mlik zarar

To‘dako‘l yangi ijarachiga berilganida unda oldingi ijarachi – “Aqua-Tudakul” O‘zbekiston-Amerika qo‘shma korxonasi tomonidan yetishtirilgan baliq bo‘lgan. Masalaning sud ishida ko‘rilayotgan asosiy nuqtasi aynan shu. 

Da’vogar – “Aqua-Tudakul” O‘zbekiston-Amerika qo‘shma korxonasi yetkazilgan moddiy zarar miqdori 45,8 mlrd so‘m ekanligini, ko‘lda baliq yetishtirish uchun uni 2011-2017 yillarda har yili o‘rtacha 125 tonna chavoq bilan baliqlantirganini aytmoqda. Qo‘shma korxona bu vajga ko‘plab dalillar, jumladan, soliq va statistika hisobotlarini, baholash xulosalarini taqdim etgan.