16:38 / 27.09.2022
26219

Kuniga o‘n minglab rossiyaliklar mamlakatni tark etmoqda. Asosiy ma’lumotlar

Chegaradan chiqishga ruxsat berilmaydiganlar ro‘yxati shakllantirilgan. Qozog‘istonda uy-joy ijarasi keskin ko‘tarildi. FXX Gruziya bilan chegaraga zirhli transportyor jo‘natdi - chegarada safarbarlik punkti ochilishi mumkin.

Foto: BBC

Rossiyada safarbarlik e’lon qilingach, Qozog‘iston urushga borishni istamaydigan va RFni tark etishni ko‘zlagan rossiyaliklar uchun asosiy yo‘nalishlardan biriga aylandi. Chegaraning uzunligi, butun chegara bo‘ylab o‘nlab nazorat-o‘tkazish punktlari mavjudligi, shuningdek Qozog‘istonga Rossiyaning ichki pasporti bilan ham kirish imkoniyati mavjudligi bunga imkon bermoqda. Qozog‘iston IIV ma’lumotiga ko‘ra, 22 sentabrdan buyon mamlakat hududiga kirayotgan Rossiya fuqarolari soni odatdagidan (kuniga 9-12 ming kishi) ikki-uch barobar ortgan va qisqa muddat ichida Rossiyaning 98 ming fuqarosi Qozog‘iston hududiga o‘tgan. Yirik shaharlar yo‘nalishidagi nazorat-o‘tkazish punktlarida — Petropavlovsk, Uralsk, Qo‘stanay va Atirau — ko‘p kilometrlik navbatlar yuzaga kelgan.

Rossiyaliklar yoppasiga kirib kelishi natijasida chegaraga yaqin joylashgan shaharlarda turar joy ijarasi qimmatlashdi — tunash uchun joylar deyarli qolmagan. Xususan, Uralskda bir necha kun ichida ijara narxi uch-to‘rt barobar qimmatlab ketdi, bir xona uchun narxlar bir kunga 25 ming tengedan (52 dollar/586 ming so‘m atrofida) boshlanadi, mehmonxona va hostellarda barcha joylar bir necha haftaga band qilib qo‘yilgan. Omskdan 250 kilometr masofada joylashgan Petropavlovskda bir kunlik kvartira uchun narxlar sakkiz barobar qimmatlashgan — 5 ming tengedan 40 ming tengega (qariyb 84 dollar) yetgan.

Rossiyalik muhojirlarga ko‘ngillilar yordam ko‘rsatmoqda. Yirik shaharlardagi vokzallarda keluvchilarga tekinga suv, oziq-ovqat mahsulotlari va sim-kartalar tarqatilmoqda, shuningdek dolzarb masalalarda maslahatlar berilmoqda. Uralskda mahalliy Cinema Park kinoteatri o‘z zalida rossiyaliklar tunashi uchun sharoit yaratib bergan. «Kvartiralar uchun narxlar o‘ta qimmatlab ketdi, shu tufayli biz tunash uchun maydon berishga qaror qildik», — degan teatr direktori. Qo‘stanayda mahalliy chatlarda ayrim shaharliklar rossiyaliklarga tekinga yoki uy ishlarida yordam evaziga yashash joy taklif etishmoqda. Telegramda rossiyaliklarga ko‘chish masalalarida maslahatlar beriladigan chatlar paydo bo‘lmoqda.

Ayrim chegara punktlarida taksi haydovchilari eng yaqin shaharlarga eltib qo‘yish uchun narxlarni bir necha bor oshirib yuborishdi. Shuningdek ular tekinga tashishga tayyor bo‘lgan ko‘ngillilarga tahdid qilgan holatlar uchragan. Kvartira egalari avvaldan yashab kelganlar uchun ham narxni ko‘tarib, aks holda uydan chiqarib yuborish bilan tahdid qilishmoqda. Qozog‘iston mehnat vazirligi bunday ijarachilarni ogohlantirdi: vazirlik bunday shaxslarga kvartiralarni qanday narxda ijaraga berishni belgilay olmasa-da, ular qancha soliq to‘layotgani bilan qiziqishi mumkin.

Qozog‘iston hukumati vaziyat nazorat ostida ekanini ma’lum qilmoqda. IIV kirib kelayotgan rossiyaliklar soni ko‘p bo‘lsa-da, ularning bir qismi tez fursatda mamlakatdan chiqib ketayotganini ma’lum qilgan: so‘nggi kunlarda Qozog‘istonni Rossiyaning 40 ming fuqarosi tark etgan. «Shundan 6 ming kishi aeroportlar orqali jo‘nab ketgan, qolganlar esa asosan janubdagi qo‘shnilarimiz — Qirg‘iziston va O‘zbekistonga o‘tmoqda», — degan 26 sentabr kuni Qozog‘iston IIV rasmiysi.

Boshqa mamlakatlar bilan chegaralarda nimalar bo‘lmoqda?

FXX Gruziya bilan chegaradagi «Verxniy Lars» nazorat-o‘tkazish punktiga zirhli transportyor (BTR) yubordi. Shu bilan birga, idoradagilar gap blokpost tashkil etish haqida ketmayotgani, bu shunchaki «zaxiradagilar nazorat-o‘tkazish punktidan hech qanday rasmiyatchiliklarni bajarmasdan o‘tishga harakat qilishining oldini olish» uchun qilinganini bildirgan. FXXdagilar nazorat-o‘tkazish punkt odatdagi rejimda ishlashda davom etayotganini ma’lum qilgan. Lekin ko‘p o‘tmay Shimoliy Osetiya IIV Rossiya Gruziya bilan chegarada safarbarlik punkti ochmoqchi ekani haqida xabar berdi.

«Verxniy Lars» nazorat-o‘tkazish punktidagi navbat 26 sentabr kuni 20 kilometrga yetdi, chegaradan o‘tish uchun uch-to‘rt kun vaqt talab etilmoqda. Dushanba kuni kunduzi navbatlarni qisqartirish maqsadida Gruziya tomoni chegaradan piyoda holda o‘tishga ruxsat berdi — qoidaga ko‘ra bu punktdan faqat avtomobilda o‘tish mumkin edi.

Finlandiya bilan chegaradan o‘tayotgan rossiyaliklar hajmi bir hafta ichida 88 foizga oshgan. Rossiya-Finlandiya chegarasining asosan janubiy qimidagi chegara punktlarida navbatlar kuzatilmoqda, Finlandiya chegara xizmatiga ko‘ra, odamlar bu yerda kun-u tun navbatda turibdi. 24-25 sentabr kunlari Rossiyadan Finlandiyaga 17 ming kishi o‘tgan.

Finlandiya bir necha kun muqaddam turistik vizalarga ega bo‘lgan rossiyaliklar uchun chegara yopilishi haqida e’lon qilgandi, ammo bu qaror qachondan amal qilishi ma’lum emas.

Chegaralar yopilishi mumkinmi?

Rossiya hukumatidagilar mamlakatdan chiqishga umumiy taqiq yo‘qligini aytib kelmoqda. «Ayni vaqtda bu borada hech qanday qaror qabul qilinmagan», — dedi 26 sentabr kuni RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Shu bilan birga 25 sentabr kunidan chiqish taqiqlangani bilan bog‘liq o‘nlab holatlar kuzatildi — bu bo‘yicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgan chegarachilar safarbarlik to‘g‘risidagi qonunga havola qilishgan.

«Meduza» manbalari Ukrainaning bosib olingan hududlarida «Rossiya tarkibiga qo‘shilish bo‘yicha referendumlar»dan keyin safarbarlik yoshidagi erkaklarga harbiy komissar ruxsatisiz Rossiyani tark etish taqiqlanishi haqida xabar bergan. Manbalardan birining so‘zlariga ko‘ra, bunday taqiq — 28 sentabr kunidan amal qilinishi mumkin. 

Aeroportlardagi chegarachilar esa safarbarlik doirasida bo‘lgan va chaqiruv qog‘ozi olgan erkaklar ro‘yxatini olgan. The Bell xabariga ko‘ra, chegarada xorijga chiqmoqchi bo‘layotganlar shunday ro‘yxat bo‘yicha tekshirilmoqda va ro‘yxatdagilarga chiqish taqiqlanmoqda.

Bunday ro‘yxat mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotni Tyumendagi «Roshchino» aeroportida tasdiqlashdi. «Harbiy komissariat chegara bo‘limiga chiqishi taqiqlangan fuqarolar ro‘yxatini beradi. Bunday toifadagilar chegarani kesib o‘tishi uchun harbiy komissarlik tomonidan berilgan ruxsatnoma kerak», deya xabar bergan aeroport matbuot xizmati 72.ru nashriga.

Moskvadagi «Vnukovo» aeroporti ham safarbarlikka tortiladigan rossiyaliklar mamlakatdan chiqarilmasligini aytdi.

«Agora» inson huquqlari guruhi rahbari Pavel Chikov bunday amaliyot noqonuniy deb hisoblaydi: uning so‘zlariga ko‘ra, chetga chiqish huquqi faqat harbiy xizmatga chaqirilganda cheklanishi mumkin — ya’ni tibbiy ko‘rikdan o‘tilganidan keyin tegishli qaror qabul qilinganida. Chikov chetga chiqishi rad etilganlar sudga murojaat qilishi mumkinligini eslatgan.

Mavzu
Rossiyada safarbarlik
21 sentabr kuni Putin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qildi. Ukrainadagi urush uchun yana kamida 300 ming kishi jalb etiladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top