18:56 / 10.10.2022
56182

Renault bir o‘rindiqli Mobilize Solo elektromobilini namoyish etdi

Foto: Renault

Renault Group kompaniyasi Mobilize savdo belgisi ostida bir o‘rindiqli Solo Concept prototipini taqdim qildi, u tijorat elektromobillari va karshering uchun mo‘ljallangan.

Yangilik Renault kompaniyasining Hindiston bo‘limi tomonidan ishlab chiqilgan uch g‘ildirakli elektromobil bo‘lib, haydovchi uni yarim o‘tirgan holatda joystik yordamida boshqaradi.

Salonga chap tomondagi eshik orqali kiriladi. Elektromobil xavfsizlik yostiqchasi bilan jihozlangan va tezligi 25 km/s bilan chegaralangan, bu esa dubulg‘a kiymagan holda xavfsiz harakatlanishga imkon beradi. Shuningdek, uni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi ham shartmas.

Solo Concept elektromobili an’anaviy tarzda sim orqali, shuningdek, simsiz quvvatlanishi ham mumkin. Bunda bitta Solo Concept elektr tarmog‘iga sim orqali ulangan bo‘lishi va ikkinchisiga simsiz quvvat berish vazifasini bajarishi mumkin. Bundan tashqari, elektromobil batareyasini yechib olish va zaryadlash uchun olib ketish ham ko‘zda tutilgan.

Mobilize Solo konsepsiyasi bilan birgalikda Mobilize Ileo Concept — quvvatlantirish bo‘yicha shahar infratuzilmasi loyihasi ham taqdim etildi. Unda elektromobillarni quvvatlantirish uchun terminal, quvvatlovchi qurilmaga ega velosiped va skuterlar uchun to‘xtash joyi va odamlar dam oladigan o‘rindiq, stol va ekranli modul bor. Barcha elementlarni alohida o‘rnatib, ko‘cha infratuzilmasini yaratish mumkin.

Mobilize Solo va Mobilize Ileo seriyali ishlab chiqarish uchun mo‘ljallanmagan, biroq individual dizayn va texnik yechimlar brendning kelajakdagi mahsulotlarida o‘z ifodasini topishi mumkin.

Top