18:47 / 17.10.2022
30575

Shahed ovi. Kiyevga ertalabki dronlar hujumini guvohlar qanday eslaydi?

Dushanba kuni, bir hafta oldin bo‘lgani kabi kiyevliklarni portlashlar va havo hujumi trevogalari uyg‘otdi.

Foto: Getty Images

Ammo bu safar poytaxtning markaziy rayonlarida istiqomat qiluvchilar yangicha ovozlarni ham eshitishdi - eski moped dvigatelidan chiquvchi tovushga o‘xshash vizillagan baland ovozni.

Zelenskiyning ofisi Rossiya armiyasi Kiyevga eronliklarning kamikadze dronlari bilan hujum qilganini tasdiqladi.

Ukraina poytaxti meri Vitaliy Klichko kamida to‘rtta portlash to‘g‘risida xabar berdi. Shevchenkovo rayonida ro‘y bergan portlash oqibatida tarixiy turar joy binosi vayron bo‘lgan. Merning so‘zlariga ko‘ra, xarobalar ostidan 18 kishi chiqarib olingan.

Voqea joyida bo‘lgan BBC muxbiri qutqaruvchilar xarobalar ostidan odamlarni qanday chiqarib olishayotganiga guvoh bo‘lgan, kun davomida bu yerda to‘rt kishi halok bo‘lgani ma’lum bo‘ldi, ularning ikki nafari yosh juftlik bo‘lib, ayol olti oylik homilador edi. 

Roman Petushkov / Reuters / Scanpix / LETA

«Eski moped tovushi»

Kiyevlik Oleg 17 oktyabr ham bir hafta oldin bo‘lgani kabi boshlanganini aytadi.

Oleg Lukyanovkada yashaydi - bu Kiyev markazidan bir necha kilometr masofadagi tarixiy rayon. U yerda Kiyevdagi bir qancha oliy ta’lim muassasalari yotoqxonalari ham joylashgan.

Birinchi portlash ovozini Oleg soat 6.40 da temiryo‘l vokzali tomondan eshitadi. Aytishicha, bunday ovozlarga ko‘nikib ketgan chaqalog‘i uyg‘onmagan ham.

Ammo 10-15 daqiqa o‘tib tashqaridan yangicha ovozlar eshitila boshlagan - bu o‘qotar qurollar ovozi edi.

«Yana bir yangicha ovoz - eski moped ovozi edi - va biz tushundikki, Shahed uchun ov ketmoqda. Bola onasi bilan vannaxonaga yugurdi, men esa oynadan qaradim. Chindan ham 100 metr masofadan dron uchib o‘tayotgandi. Ajablanarli, ammo ko‘tarilayotgan quyosh nurlarida u qora emas, balki yorqin sariq rangda edi. Lahza o‘tmay portlash ovozlari yangradi. Uyimdan taxminan 2 km masofada», - deya hikoya qiladi Oleg.

Uning tasdiqlashicha tongda Kiyevning Shevchenkovo rayonida shu kabi yana to‘rt yoki besh portlash ovozi eshitilgan.

Foto: Getty Images

«Va boshlandi: birinchisi, ikkinchisi, uchinchisi»

«Soat 6:20 da sirena ovozlari yangray boshladi. Men hali to‘shakda yotgandim va tushuna olmasdim - bu xayolimdami yoki haqiqat. Tezda yostiq va adyolni vannaxonaga olib o‘tdim», - deya eslaydi kiyevlik Oksana.

Oksana osmondagi baland va yoqimsiz tovushni tasvirlaydi - bu erta tongda Kiyevga hujum qilgan dronlardan chiqardi. Keyin ularga qarata o‘t ochilgani va kuchli portlash ro‘y bergani ovozlari eshitiladi.

«Vaziyat tahlikali va tushunarsiz edi. Kuchim yo‘q edi. Bu juda qo‘rqinchli», deydi shahar markazida yashovchi Oksana.

Foto: Getty Images

«Juda baland tovush»

«Men tongda turib qahva qaynatayotganimda portlashlar ovozini eshitdim. Ovoz o‘tgan dushanbada berilgan raketa zarbalari vaqtidagi kabi edi. Barcha yo‘lakka yugurdi. Keyinroq «moped dirillashi» va unga qanday o‘t ochishayotgani eshitildi», deya hikoya qiladi Dmitro.

«Bu safar juda baland edi», deya qo‘shimcha qilgan u.

Foto: Getty Images

Avtomatlar va signalizatsiya

Kiyev markazida bo‘lib turgan BBC muxbiri Pol Adamsning aniqlik kiritishicha, portlashlar soat 06:30 atrofida boshlangan va jami besh marta portlash bo‘lgan. So‘nggisi - soat 08:10 atrofida.

Ikkitasi Ukraina poytaxti markaziga juda yaqin joyda sodir bo‘lgan: bu yerlarda portlashlar ortidan sirenalar va avtomobillar signalizatsiyasi ovozlari yangragan.

Harbiylar dronlarni oddiy avtomat orqali urib tushirishga uringanida kiyevliklar o‘q ovozlarini ham eshitishgan. Ijtimoiy tarmoqlarda bunday yo‘l bilan dronni to‘xtatish bilan bog‘liq kamida bitta holat videosi tarqaldi.

Rossiya harbiylari dronlar orqali aynan qanday nishonlarga zarba berishni rejalashtirgani oxirigacha ma’lum emas. Kiyev meriyasidagilar hujumlar oqibatida turar joylar va noturar joylar shikastlangani haqida ma’lum qildi. Temiryo‘lchilarning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev-Passajirskiy vokzali atrofida ham portlashlar ro‘y bergan.

Ukraina qurolli kuchlari aviatsiyasi qo‘mondonligi vakili Yuriy Ignatning ma’lum qilishicha, so‘nggi kun davomida havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali rossiyaliklar Ukrainada qo‘llagan 43 ta kamikadze drondan 37 tasi urib tushirilgan.

Pol Adams rossiyaliklarning so‘nggi vaqtlardagi hujumlari Ukraina energetika infratuzilmasiga qaratilganiga e’tibor qaratadi. Aftidan, dushanba tongidagi zarbalar ham Ukraina poytaxtidagi hayotni ta’minlash uchun muhim bo‘lgan xizmatlar faoliyatini izdan chiqarishni mo‘ljallagan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top