18:18 / 19.10.2022
27792

Putin Ukrainaning egallab olingan hududlarida harbiy holat e’lon qildi

Rossiya Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida mamlakat prezidenti Vladimir Putin Ukrainaning oktyabr oyi boshida RF tarkibiga qo‘shib olingan to‘rt hududida harbiy holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonini imzolagani haqida ma’lum qildi.

Foto: TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat Xavfsizlik kengashining yalpi majlisini o‘tkazdi. Yig‘ilishda Putin Rossiya egallab olgan Zaporijjya, Xerson, «DXR» va «LXR»da harbiy holat joriy etilishini ma’lum qildi.

Putin bu hududlarda harbiy holat Rossiya qonunchiligi asosida joriy etilishini aytdi. Chunki bu hududlar Ukraina nazoratida bo‘lganida ham harbiy holat e’lon qilingan va unda jarayon Ukraina qonunlari asosida amalga oshirilgan. Shuningdek, «maxsus harbiy amaliyot» (Rossiyada urushni shunday atashadi) davomida yuzaga keladigan ehtiyojlarni qondirish bo‘yicha ko‘rsatmalar ro‘yxati ham tasdiqlandi.

Putin harbiy holat qancha muddatga joriy qilinganiga aniqlik kiritmadi. Rossiya Zaporijjya, Xerson, «DXR» va «LXR»ni 30 sentabr kuni o‘z safiga qo‘shib olganini e’lon qilgan, ammo ko‘p o‘tmay ushbu hududlardagi bir necha shaharlarni boy bergandi. Oxirgi vaqtlarda Ukraina armiyasi yana qarshi hujumlarni kuchaytirgani aytilmoqda.

«Javob berishning o‘rtacha darajasi» va «yuqori tayyorgarlik darajasi»

Yig‘ilishda Rossiya hududlarida mintaqaviy mudofaa shtablari tashkil qilinishi aytildi. Rossiyadagi hudud rahbarlari esa qo‘shimcha vakolatlarga ega bo‘ladi. Hudud rahbarlarining vakolatlarini oshirish borasida qarori haqida gapirar ekan, Putin buni «jamoat tartibini saqlash va hayotiy zarur obektlarni muhofaza qilish uchun zarurligi» bilan izohladi.

Putinning yana bir farmoni bilan Krasnodar o‘lkasi, Belgorod, Bryansk, Voronej, Kursk, Rostov va 2014 yilda bosib olingan Qrimda «javob berishning o‘rtacha darajasi» e’lon qilindi. Bu hududlar Ukraina bilan chegarada joylashgan. Bu tartib hududlarga iqtisodiy sohada safarbarlik amalga oshirish va mintaqaviy mudofaa shtablarini tashkil qilish imkonini beradi.

Rossiya janubiy va markaziy qismlarida «yuqori darajadagi tayyorgarlik» rejimi e’lon qilindi. Bu rejimda ham mintaqaviy mudofaa shtablari tashkil etish imkonini beradi. Shuningdek, bu rejimda transport, aloqa va energiya obektlarida alohida tartib amalda bo‘ladi. Bunday hududlarda davlat tashkilotlari, harbiy obektlar va maxsus binolar jiddiyroq qo‘riqlanadi.

«Hududiy mudofaa» shtablari tashkil qilishni Sobyanin boshqaradi

Mintaqaviy mudofaa shtablari tuzish federal markazini Moskva meri Sergey Sobyanin boshqaradi. Kengash majlisida safarbar etilgan har bir fuqaro oyiga 195 ming rubldan olishi ham ta’kidlandi. «Maxsus harbiy amaliyot» davomida ta’minoti bo‘yicha yuzaga keladigan masalalarni hal qiluvchi kengashni Rossiya bosh vaziri Mishustin boshqaradigan bo‘ldi.

Ukrainaning Rossiya egallab olgan 4 hududida harbiy holat 20 oktyabrdan joriy qilinadi. Rossiya Vazirlar mahkamasi bu davrda qanday chora-tadbirlar amal qilishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar e’lon qiladi.

Putin harbiy holat to‘g‘risida tegishli farmonni imzolab bo‘ldi. Endi u Federatsiya kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

Majlisdan keyingi majlis

Avvalroq «Verstka» nashri Rossiya parlamenti yuqori palatasi bugungi yig‘ilish tanaffusidan keyin ham kechasi yalpi majlisni davom ettirishi haqida yozgandi. Majlisning kechqurungi qismi bo‘lishi haqida ma’lumotni Federatsiya kengashi spikeri Valentina Matkiyenko ham tasdiqladi.

Xavfsizlik kengashining bugungi yig‘ilishi migratsiya mavzusida o‘tkazilishi aytilgandi. Kengash raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev bu haqda ma’ruza ham qilgan, lekin uni OAVda ham e’lon qilishmadi, TVda ham ko‘rsatishmadi.

Rossiya davlat kanallari Putinning nutqidan keyin yig‘ilishni uzib qo‘yishdi.

Putin Rossiya egallab olgan hududlarda harbiy holat e’lon qilish sababini izohlar ekan, buni «Ukraina har qanday muzokaralardan bosh tortayotgani» va otishmani davom ettirayotgani bilan izohladi. «Bizning hududlarimizga diversion guruhlarni tashlashmoqda», dedi Putin. U o‘z nutqida Qrimdagi portlashni ham tilga olib o‘tdi.

Putin imzolagan farmonda «Harbiy holat vaqtida o‘zgacha choralar qo‘llanishi» haqida so‘z boradi. Ammo bu qanday choralar ekani aniq emas.

Chegara yopilmaydi

Rossiyada harbiy holat e’lon qilinishi bilan bog‘liq asosiy xavotir chegaralar yopilishi va mamlakatni tark etish imkoniyati yo‘qqa chiqishi haqida edi.

To‘rt hududda harbiy holat e’lon qilinishiga qaramay, Rossiyaning barcha chegaralarini bosib olish haqida so‘z bormagan. Putinning chiqishidan keyin, uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov chegaralarni yopish «rejalashtirilmayotgani»ni aytdi.

Rossiya TIV rahbari o‘rinbosari Yevgeniy Ivanov ham mamlakatdan chiqishga taqiq o‘rnatilishi haqidagi xabarlarni rad etdi. «Agar TIV yo‘nalishida gapiradigan bo‘lsam, biz bu masala ishlab chiqilayotgani haqida ham eshitmadik», deya uning so‘zlarini keltiradi «Kommersant».

Shu bilan birga, farmondan kelib chiqib aytish mumkinki, gubernatorlar mamlakat ichkarisida transportlar harakatini cheklashini va ularni tekshirishni joriy etishi mumkin.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top