O‘zbekiston | 16:20 / 04.01.2023
20766
1 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vaziri «QURAMAX» kompaniyasining barcha dorilarini sotishni to‘xtatishga ko‘rsatma berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning «QURAMAX» kompaniyasi dorilarining O‘zbekistonda sotilishini to‘xtatish haqidagi ko‘rsatma xati tarqaldi. Bu xatning haqiqiyligini vazirlik Kun.uz'ga tasdiqladi.

2023 yil 2 yanvar sanasi ko‘rsatilgan xatda vazir barcha dorixonalarga «QURAMAX» kompaniyasi tomonidan 2022 yilda O‘zbekistonga olib kirilgan hamma dorilar sotuvini to‘xtatish haqida ko‘rsatma bergan.

Xatda aytilishicha, dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi tomonidan «Dok-1 Maks» va «Ambronol» dori vositalarining chuqurlashtirilgan sifat nazoratini o‘tkazish natijasiga ko‘ra normativ hujjatda ko‘rsatilgan tarkibga nomuvofiqlik aniqlangan. Bu dori vositalarining ayrim seriyalarida propildenglikol moddasi o‘rniga yoki u bilan birga etilenglikol va dietilenglikol mavjudligi aniqlangan.

Xatda keltirilishicha, «Dok-1 Max» hamda «Ambronol» dori vositalarining ro‘yxatdan o‘tkazganlik guvohnomalarini bekor qilish bo‘yicha 2022 yil 29 dekabr kuni Toshkent shahar sudiga da’vo arizasi kiritilgan.

Mavzuga oid