Amudaryo suvi keskin kamayishi mumkin. Toliblar qurayotgan Qo‘shtepa qanday kanal?
Kanalning eni 100 metr, loyihaviy uzunligi – 285 km. U qurib bitkazilsa, Amudaryo suvining uchdan bir qismi Afg‘onistonning shimoliy hududlariga yo‘naltirilishi mumkin. Bu esa O‘zbekistonning bir qator viloyatlarida suv taqchilligini kuchaytiradi.
Shusiz ham suv taqchilligi, qurg‘oqchilik va cho‘llanish kabi muammolar bilan kurashayotgan O‘zbekiston oldida yana bir jiddiy muammo paydo bo‘lgan.
2022 yil 31 mart kuni “Tolibon” hukumati mamlakat shimolidagi yirik kanal qurilishi loyihasi taqdimotini o‘tkazgan edi. Unga ko‘ra, Balx viloyati hududida Amudaryodan boshlanadigan Qo‘shtepa kanali qurilmoqda.
Suv kam yillarda Amudaryo suvi 34 kub kilometrgacha pasayadi. Agar bu kanal qurib bitkazilsa, daryoning deyarli 10 kub kilometr, ya’ni uchdan bir qism suvi Afg‘onistonning ichkari hududlariga oqib ketadi. Bu esa Xorazm, Buxoro, Surxondaryo va Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek Turkmaniston uchun jiddiy oqibatlar yaratishi mumkin.
Kun.uz O‘zbekiston oldida turgan bu yirik muammo va umuman Afg‘onistondagi vaziyat, u yerdagi muvaqqat hukumatning O‘zbekiston hukumati bilan aloqalarida paydo bo‘lgan chigalliklar haqida qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Usmon Norqulov, siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Suhrob Bo‘ronov bilan suhbatlashdi. Suhbatni to‘liq holda ushbu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Bu materialda esa Qo‘shtepa kanali qurilishi Amudaryoga va qo‘shni davlatlarga qanday ta’sir o‘tkazishi haqida bir muddat avval jurnalist Natalya Shulepina e’lon qilgan tahliliy maqolada berilgan ma’lumotlarga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.
Avvalo ta’kidlash kerak, qurilayotgan kanal orqali afg‘onistonliklar shimoliy uchta viloyatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishni maqsad qilgan.
Kanal Amudaryoning Balx viloyati Kaldar tumanidan o‘tgan qismidan boshlanadi. Loyihani Afg‘onistonning Milliy taraqqiyot kompaniyasi davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshirmoqda.
Kanal uzunligi 285 kilometrni tashkil etishi ma’lum. Loyiha qiymati 684 million dollarga baholangan. Kanalning kengligi 100 metr, chuqurligi 8,5 metr. 2022 yil mart oyidan boshlab 4 ming nafargacha kishi ishtirokida faol qurilish ishlari olib borilmoqda.
Maqolada ta’kidlanishicha, o‘tgan yil noyabr oyiga qadar qurib bitkazilgan uchastkaning uzunligi 40 kilometrga yaqin bo‘lgan.
“Qo‘shtepa kanali unchalik kichik emaski, u allaqachon kosmosdan aniq ko‘rinib turibdi. Qurilish 65 kilometrlik uchastkada davom etmoqda.
Kanal Amudaryodan yiliga 10 kub kilometr suv olish maqsadida qurilmoqda. Transchegaraviy daryodan suvning yarim miqdori yangi kanalga olinganda ham, bu quyi oqimdagi mamlakatlar uchun sezilarli ta’sir o‘tkazadi”, – deydi jurnalist.
Bugun Amudaryoning o‘rtacha ko‘p yillik oqimi 79 kub kilometrni tashkil qiladi. Uning boshlanish manbalaridan Orol dengizigacha bo‘lgan uzunligi 2540 km. Biroq, sathi pasayib ketishi natijasida daryo endi Orol dengiziga yetib bormay qo‘ygan. Hozir daryo suvi Orol ko‘llarini oziqlantiradigan Mejdurechensk suv omboridayoq tugaydi.
So‘nggi o‘n yilliklarda tez-tez ro‘y beradigan kam suvli davrlarda Amudaryo bo‘ylab suv oqimi: 2000 yilda – 41,7 kub kilometrni, 2008 yilda – 34,9 kub kilometrni, 2012 yilda – 45,4 kub kilometrni tashkil qilgan.
Natalya Shulepinaga ko‘ra, ayni paytda MDHning beshta davlati o‘rtasida suvni taqsimlashda SSSRda 1980 yillarda o‘rnatilgan kvotalar mavjud. Ya’ni daryo bo‘ylab qancha suv oqmasin, u kvotalar bo‘yicha taqsimlanadi. Hozir esa Amudaryodan Afg‘oniston ham suv oladi.
Bu yil dehqonchilik mavsumi boshlanarkan, yuqori oqimdan keladigan suv oqimi yana pasayadi. Bu esa nafaqat undan suv oluvchi mamlakatlar uchun, balki daryoning o‘zi, uning gidrologiyasi va atrofdagi landshaftlar uchun ham ta’sirli bo‘ladi.
Bu o‘rinda hozirgacha Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘oniston bilan suv taqsimoti bo‘yicha hech qanday kelishuvga ega emasligi katta muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Chunki Afg‘oniston BMTning Transchegaraviy suv oqimlari va xalqaro ko‘llarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyasini imzolamagan.
“Ertami-kechmi Afg‘oniston suvga bo‘lgan huquqini da’vo qilishi haqidagi bashoratlarni Markaziy Osiyo davlatlarining Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv komissiyasi bildirgan edi. Va shunday bo‘ldi.
“Transchegaraviy suvlar” nima va ularga xalqaro huquqqa muvofiq qanday munosabatda bo‘lish kerak? BMTning Transchegaraviy suv oqimlari va xalqaro ko‘llarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyasida ular haqida shunday deyilgan: “Transchegaraviy suvlar – bu ikki yoki undan ortiq davlat o‘rtasidagi chegaralarni belgilaydigan, kesib o‘tadigan yoki shunday chegaralarda joylashgan har qanday yerusti yoki yerosti suvlari”.
Konvensiyaning 9-moddasi tomonlarning tenglik asosida ikki tomonlama yoki ko‘p tomonlama bitimlar yoki boshqa kelishuvlar tuzishini nazarda tutadi.
Ochig‘i, afg‘on tomoni bilan jiddiy muzokaralar olib borilmoqda. Kanal qurish uchun 6 yil qisqa vaqt. Mintaqa mamlakatlarida suv resurslarini tejash, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish ham hayotiy ahamiyatga ega ekani ko‘rinib turibdi”, – deya Amudaryo suvlaridan foydalanishda qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik va kelishuvlar muhimligini ta’kidlagan hamkasbimiz.
Mavzuga oid
18:20 / 18.12.2024
O‘zbekiston 2025 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib beradi
16:51 / 12.12.2024
Amerikalik tahlilchilar Trampga Markaziy Osiyoni e’tiborsiz qoldirmaslikni taklif qildi
18:38 / 11.12.2024
Markaziy Osiyoda odam savdosi ko‘rsatkichlari pasaymayapti – BMT
17:52 / 07.12.2024