Ularning ichida uxlamay o‘ynab yuradiganlari ham, tinimsiz yig‘laydiganlari ham bor. Tungi bedorliklar ota-onani, ayniqsa, onalarni holdan toydiradi. Asab tizimiga salbiy ta’sir qiladi.

Kun.uz mutaxassislar bilan bolaning uxlamasligi sabablari, bunday vaziyatda onalarning qanday yo‘l tutishi lozimligi haqida suhbatlashdi.

“Bolalar nevropatologi sifatida menga bolalar uyqusizligi masalasida juda ko‘p murojaat qilishadi. Deyarli 99 foiz onalarimizning so‘rog‘i shu: bolam kechasi bilan chirillab yig‘lab chiqadi, “cherepnoyi” oshib ketmadimikan…” deydi bolalar nevropatologi Zohidjon Ismoilov.

“Qaynona-kelin kelishmovchiliklari, oiladagi har xil psixologik muammolar homilaga salbiy ta’sir qiladi. Homiladorlik vaqtida onaning psixologiyasida bo‘lgan o‘zgarishlar, qo‘rquv hissi bolaga ham o‘tadi. Birinchi omil mana shu.

Keyingi asosiy sabablardan biri, go‘dakka mobil aloqa vositalarini berib qo‘yish. Ba’zi onalar o‘zining yumushlarini bajarib olish maqsadida bolasi tinch o‘tirishi uchun telefon berishadi. Bola kuni bilan telefonda o‘tiradi.

Har xil yuguradigan, baqiradigan multfilm qahramonlarini ko‘radi. Kuni bilan miya charchaydi. Nerv tolalari taranglashadi va o‘z-o‘zidan tunda uyqu holati buziladi.

Ko‘krak suti bilan oziqlanadigan bolalarning uxlamay tuni bilan yig‘lab chiqishiga onasi iste’mol qilgan yeguliklar ham ta’sir qiladi. Bolam uxlamayapti, deb kelgan onalardan so‘rayman, boshingiz og‘risa yoki qorningiz sanchib tursa, siz o‘zingiz uxlolasizmi?

Katta odam ayta oladi, lekin chaqaloq tushuntirib berolmaydi-ku. Bolalarda qorin og‘rishi ham uyqu buzilishining asosiy sabablaridan biri. Yana bir jihati, bugungi kunda tabiiy mahsulotlarni topish amrimahol. Har bir ozuqamizda kimyoviy moddalar bor”, deydi Zohidjon Ismoilov.

Homilador ayollar va emizikli onalarga vitamin bo‘ladi, deb ko‘proq meva iste’mol qilish tavsiya etiladi. Ammo nevropatolog ta’kidlaganidek, hozirgi mevalarga kimyoviy ishlov beriladi. Bu esa bolada tabiiy rivojlanishning buzilishiga olib keladi.

Moddalar almashinuv jarayoni izdan chiqadi. Organizmda uyquni boshqaradigan gormonlar ishi ham buziladi. Bu ham bolalarning uxlamasligiga sabab bo‘ladi. Mutaxassis yuqorida sanab o‘tgan holatlar tabiiy turmush tarzida uyqu buzilishiga olib keladigan sabablar edi. Bundan tashqari uyqu buzilishining patologik holatlari ham mavjud.