00:40 / 07.04.2023
12280

Ukrainaning NATOga a’zoligi: AQSh bu masalani keyinga qoldirishni talab qilmoqda - OAV 

Vashington birinchi navbatda urushni tugatish kerakligini ta’kidlamoqda.

Foto: Getty Images

AQSh, Germaniya va Vengriya alyansning iyul oyida bo‘lib o‘tgan sammitida Ukrainaga NATO a’zoligi bo‘yicha «yo‘l xaritasi» berilishiga qarshi. Blok ichidagi kelishmovchiliklar haqida Financial Times yozdi.

Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlari Ukrainaga NATO bilan yaqinroq aloqalar o‘rnatish va kelajakdagi a’zolik haqida aniq bayonotlar berishni taklif qilmoqchi, dedi muzokaralarda ishtirok etgan va ismini oshkor etmagan rasmiylardan biri. Biroq, AQSh, Germaniya va Vengriya bu fikrga qarshi.

Nashrning qayd etishicha, avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ultimatum qo‘ygan edi: u iyul oyidagi NATO sammitida Ukrainaga urushdan keyin a’zolikning haqiqiy sxemasi taqdim etilsagina ishtirok etishini aytdi.

Hozir NATOning sharqiy va g‘arbiy a’zolari o‘rtasida bu vaziyatni qanday hal qilish borasida tortishuvlar bor.

Mart oyida NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg a’zo davlatlarga Kiyev bo‘yicha «amaliy va siyosiy» takliflar kiritilgan hujjat taqdim etgani aytildi. Hozir alyans ichida Ukrainaga nima va’da berish mumkinligi haqida keskin muhokamalar davom etmoqda.

«Bizni bu bo‘shliqlarni bartaraf etish va siyosiy natijaga erishish uchun bir necha haftalik shiddatli muzokaralar kutmoqda», dedi G‘arb rasmiylaridan biri.

Shu bilan birga, alyansning barcha 31 a’zosi Ukrainaning NATOga qo‘shilishi masalasi qisqa muddatli istiqbol masalasi emasligi va urush davom etayotgan bir paytda jiddiy muhokama qilinishi mumkin emasligiga rozi.

FT ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar hozir urush holatida bo‘lgan Ukrainaga qisqa muddatli harbiy, moliyaviy va gumanitar yordamga e’tibor qaratish zarurligini o‘jarlik bilan ta’kidlamoqda. Vashingtonning fikricha, urushdan keyingi ehtimoliy siyosiy munosabatlar haqidagi munozaralar hozirgi harbiy ta’minotdan chalg‘itadi.

2022 yil kuzida Ukraina NATOga kirish uchun rasmiy ariza topshirgan edi. Prezident Zelenskiy ushbu qarorni sharhlar ekan, Ukraina allaqachon NATOning amaldagi qismiga aylanganini va uni de-yure rasmiylashtirish zarurligini aytdi.

Biroq alyansda fikri har doim inobatga olinadigan Qo‘shma Shtatlar Ukraina ittifoqqa qo‘shilishi uchun ma’lum standartlarga javob berishi kerakligidan ogohlantirmoqda. Bundan tashqari, Vashington birinchi navbatda urushni tugatish kerakligini ta’kidlamoqda.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top