Birgina qarorimiz butun hayotimizni o‘zgartirib yuborishi mumkin. Gohida ko‘nglimizga quloq solib, aqlimizni eshitmay qo‘yamiz. Ko‘ngil esa doim ham haq bo‘lib chiqavermaydi.

O‘qituvchilar oilasida dunyoga kelgan Rahima (suhbatdosh xohishiga ko‘ra ismi o‘zgartirildi) 11 farzandning kenjasi edi. U aka-opalari singari o‘qishni emas, balki turmush qurishni tanlagan.

“4 yoshimda dadamning qon bosimi ko‘tarilib, yurolmay, gapirolmay qoldi. Ko‘p o‘tmasdan vafot etdi. Oilaning butun og‘irligi onamning zimmasiga tushdi. Buvim bilan birgalikda o‘n bir farzandni katta qilishdi.

Akam va opalarimni o‘qitishdi. Men eng kichigi bo‘lganim uchun doim ko‘nglimga qarashardi. Biroz erkatoy edim. Maktabni bitirgan yilim o‘qishga yuborishmadi. Hozir o‘ylab qarasam, ularga oson bo‘lmagan ekan.

Bir akam va uch opam Toshkentda o‘qishardi. Sen kelasi yil o‘qishga ketasan, ikkitasi o‘qishni bitiradi, deyishdi.

Yoshlikmi, qaysarlikmi, xullas, men turmushga chiqaman, dedim. Sinfdoshimni sevardim. Onam, akalarim, opalarim hammasi qarshi chiqishdi. O‘qitamiz, hali yoshsan, deyishdi. Quloq solmadim.

1993 yilda maktabni bitirgan bo‘lsam, 1994 yilda turmushga chiqdim. Uyimdagilar majburan rozi bo‘lishdi. Avvaliga hayotimiz yaxshi edi. Lekin turmush o‘rtog‘im haqida ko‘p narsalarni bilmas ekanman.

Biz oilasi bilan birga yashardik. Turmush o‘rtog‘im ishlamasdi. Qishloq bo‘lgani bois sholi, paxta ekilardi. Kelin bo‘lib tushgan uyimda qaynonam, uning ovsini va bolalari, qaynotamning onasi yashashardi. Keyinroq eri vafot etgan ammamiz ham bir qizi bilan qaytib keldi.

Biz ham qo‘shaloq kelin bo‘lib tushgan edik. Bu oilaning kattasi momo qaynonam edi. Mening qaynonamning hech qanday o‘rni yo‘q edi. Biz kelinlarni aytmay qo‘yaveray. Onam hammasini bilar ekan. Shu sabab ham bu oilaga berishni istamagan ekan.

Eng yomoni bu oilada ichkilikni sevishardi. Bu katta, bu kichik degan gap yo‘q, hamma ichaverardi. Shunday qilib kunlar o‘tdi. Homilador bo‘ldim. Birinchi farzandim to‘rt oylik bo‘lganida tushib qoldi. Ikkinchisi uch oylikda tushdi. Uchinchisi – qizimni bag‘rimga bosdim.

Bu vaqt orasida urushlar, ne-ne kaltaklar bor. Ularni batafsil eslashni istamayman. Erim ishlamagani uchun ichishiga puli yo‘q edi. Uydan pul ololmasdi. Lekin guruch yetishtirganimiz uchun hamma vaqt omborimizda tonnalab guruch turardi. Shundan olib haftalab yo‘q bo‘lib ketardi.