14:01 / 06.06.2023
66999

Kaxovka GES portlatildi. Asosiy ma’lumotlar

Dnipro daryosining quyi oqimida suv sathi ko‘tarilmoqda. Xerson oblastida evakuatsiya e’lon qilingan.

Xerson oblastining rossiyaliklar tomonidan anneksiya qilingan qismida joylashgan Kaxovka GES to‘g‘oni vayron bo‘ldi. 6 iyun tongida ijtimoiy tarmoqlarda gidroelektr stansiyaning yuqori dambasining vayron bo‘lgan qismidan katta miqdorda suv oqib chiqayotgani aks etgan video tarqala boshladi. Ukraina harbiylari, Xerson oblasti rasmiylari va Ukraina rahbariyati Rossiyani GESni portlatishda aybladi.

Nova Kaxovkaning Rossiya tomonidan tayinlangan «meri» Vladimir Leontev avvaliga portlash to‘g‘risidagi ma’lumotni rad etdi. «Bu safsata! Barchasi normal holatda, hammayoqda barchasi normal, men hozirgina ratsiya orqali gaplashdim. Shaharda hammayoq tinch va osoyishta», — dedi Leontev.

Keyinroq uning «ma’muriyati» tunda Ukraina tomonidan yo‘llangan zarbalar oqibatida stansiyaning yuqori qismi vayron bo‘lgani, shu bilan birga to‘g‘onning o‘zi butun turgani haqida xabar berdi. Leontev esa Kiyevni «terrorizm»da aybladi. TASS ma’lumotlariga ko‘ra, Kaxovka GESda 28 ta prolyotdan (ikki ustun yoki tiragichlar oralig‘i) 11 tasi vayron bo‘lgan. Nova Kaxovka «meri» GESni ta’mirlab bo‘lmasligi va stansiyani qaytadan qurishga to‘g‘ri kelishini aytgan. «Ukrgidroenergo»da ham stansiya tiklab bo‘lmas darajada vayron bo‘lganini ma’lum qilgan.

Kaxovka suv omboridan Dniproning quyi oqimiga katta miqdorda suv nazoratsiz quyilmoqda. Leontevning so‘zlariga ko‘ra, Kaxovka GES to‘g‘oni vayron bo‘lgach, quyi oqimda suv sathi 2,5 metrga ko‘tarilgan. Xerson oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Oleksandr Prokudin (oblastning qonuniy rahbari) suv besh soat o‘tib kritik darajaga yetishini (mahalliy vaqt bilan soat 12:00 atrofida) qayd etdi. Xerson oblastining Rossiya ta’siridagi «ma’muriyati» Dniproning sohil bo‘yidagi hududlarda vaziyat nazorat ostida ekanini ma’lum qildi. «Yagona tahdid shundaki, biz endi Qrimga suv yetkazib berishda muammolarga duch kelamiz», — degan Leontev. Keyinroq, RBK nashriga bergan izohida u Shimoliy Qrim kanali suvsiz qolmasligini aytib, «qrimliklarni xavotirlanmaslik»ka chaqirdi.

Dnipropetrovsk oblastining Krivoy Rog shahrida aholi va sanoat uchun suv iste’moli cheklangan. «Sanoat korxonalariga suv sarfini cheklayapmiz, kechasi esa soat 22:00 dan 5:00 gacha aholi uchun quvurlardagi bosimni pasaytiramiz. Suv faqat sirkulyatsiya bo‘yicha ishlaydi va ko‘pi bilan 1-2 qavatlar uchun yetadi. Ammo bu faqat tungi vaqt uchun, kunduzi suv beramiz», — degan shahar meri Oleksandr Vilkul. Uning so‘zlariga ko‘ra, Krivoy Rogga suvning 70 foizi Kaxovka suv omboridan keladi. Ukrain telegram-kanallarida shahar aholisi do‘konlarda ichimlik suvlarini yoppasiga sotib olayotgani aks etgan fotosuratlarni tarqatmoqda.

O‘nlab aholi yashash manzillari suv bosish xavfi ostida qolgan. Rossiya favqulodda xizmatlaridagi manba TASS agentligiga aytishicha, gap 80 ta aholi yashash manzillari suv ostida qolishi haqida borishi mumkin. Xerson oblastining xavfli hududlaridan aholini evakuatsiya qilish ishlari boshlangan. Milliy politsiya va Ukraina FVDX bo‘linmalari Dnipro daryosining o‘ng sohilida suv bosishi mumkin bo‘lgan hududlar aholisini ogohlantirish va evakuatsiyaga tayyorlashga yuborilgan. Gap Mikolayivka, Olgovka, Levo, Tyaginka, Ponyatovka, Ivanovka, Tokarevka, Ponyatovka, Pridniprov va Xersonning bir qismi (Korabel oroli) haqida bormoqda. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, Dniproning o‘ng sohilida (bu hudud Ukraina nazoratida) 16 mingga yaqin kishi xavf ostida qolgan.

Dnipro daryosining Rossiya kuchlari egallab turgan chap sohilida Nova Kaxovka va quyi oqim bo‘yidagi qator aholi yashash manzillari suv ostida qola boshlagan. Ijtimoiy tarmoqlarda Nova Kaxovkada suv toshqini yuzaga kelayotgani aks etgan kadrlar tarqalgan. Xerson oblastining anneksiya qilingan qismi «hukumati» daryo sohiliga yaqin joylashgan punktlar aholisi vaziyatga qarab evakuatsiyaga tayyor turishi kerakligini ma’lum qilgan. Oblastning Rossiya ta’siridagi rasmiylariga ko‘ra, jami 22 ming kishi yashaydigan 14 ta aholi yashash punkti suv bosish xavfi mavjud bo‘lgan hududda joylashgan.

Ukraina tomoni hodisani ekotsid deb atadi. Mamlakat prezidenti ofisidagilar GES vayron bo‘lishi Qrim va Zaporijjya AESga tahdid qolishi haqida aytishmoqda. Xususan, bu haqda Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak ham aytib o‘tgan. «Rossiyaliklar Xerson janubida va Qrimda odamlar ichimlik suvidan mahrum bo‘lishi, aholi yashash punktlari va biosferaning ehtimoliy vayron bo‘lishi uchun javobgar. <…> Shuningdek, Kaxovka GES rossiyaliklar tomonidan vayron qilinishi — global oziq-ovqat xavfsizligiga zarbadir. Chunki bu falokat Ukraina janubidagi sug‘orish tizimiga ta’sir ko‘rsatadi», — degan u o‘z telegram-kanalida.

Ukrainaning «Energoatom»ida ma’lum qilishlaricha, Kaxovka suv omboridagi suv sathi keskin pasayishi Zaporijjya AES uchun qo‘shimcha xavf tug‘diradi, chunki sovutish tizimlari ishlashi va stansiya xavfsizligi ta’minlanishi uchun suv o‘ta zarur. Shu bilan birga, kompaniya stansiyani sovutish uchun foydalaniladigan hovuzda suv sathi 16,6 metrni tashkil etayotgani va bu AES xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli ekanini ta’kidlagan.

O‘z navbatida, Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) Zaporijjya AESda bo‘lib turgan ekspertlar vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatib borayotganini ma’lum qilgan. Hozircha stansiyaning yadroviy xavfsizligiga bevosita xavf yo‘qligi aytilgan.

Ukraina prokuraturasi ekotsid hamda urush qonunlari va urf-odatlari buzilishi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Kremldagilar Kaxovka GESdagi vayrongarchilik yuzasidan hozircha izoh bermadi. Prezident Volodimir Zelenskiy Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining shoshilinch yig‘ilishini chaqirgan. «Rossiyalik terrorchilar Kaxovka GES dambasini vayron qilish orqali butun dunyoga ularni Ukraina zaminining har bir burchagidan haydab chiqarish kerakligini tasdiqlamoqda. Ularga bir metr ham joy qoldirilmasligi kerak, chunki ular har metrdan terror uchun foydalanadi. Faqatgina Ukrainaning g‘alabasi xavfsizlikni qaytaradi. Va bu g‘alaba muqarrar. Na suv, na raketa va na terrorchilarning boshqa harakatlari Ukrainani to‘xtata oladi», — deya vaziyatga munosabat bildirgan ukrainlar prezidenti.

Zelenskiy suv ombori to‘g‘onining portlatilishi yuzasidan Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining shoshilinch yig‘ilishini chaqirgan.

Volodimir Zelenskiy shoshilinch yig‘ilish chaqirdi. Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati

Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Darya Zarivna «rossiyaliklarning Kaxovka GESini portlatish»dan maqsadi – Ukraina mudofaa kuchlarining qarshi hujumini to‘xtatish ekanini aytdi. «Shuningdek, Kaxovka GES portlatilishi Qrim suvsiz qolishini anglatadi», deya yozgan u. Anneksiya qilingan Sevastopol rahbari Mixail Razvojayev esa GESning shikastlanishi shahar suv ta’minotiga ta’sir ko‘rsatmasligiga ishontirgan.

Ukraina va harbiy ekspertlar Rossiya Kaxovka GES to‘g‘onini portlatib yuborishga tayyorlanayotgani haqida bir necha bor ogohlantirgandi. Moskva bunga javoban Kiyevni stansiya to‘g‘oniga raketa zarbasi berishga tayyorlanishda ayblagandi. 2022 yil oktyabrida esa Ukraina prezidenti «Kaxovka GES bloklari va to‘g‘oni rossiyalik terrorchilar tomonidan minalashtirilgani»ni aytgandi. U jahon hamjamiyatini ehtimoliy teraktga profilaktik reaksiya qilishga va gidroelektrstansiyaga xalqaro kuzatuvchilar missiyasi yuborishga chaqirgandi. Taxminan o‘sha vaqtda Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti o‘z tahlilida Rossiya katta ehtimol bilan Xerson oblastidagi Kaxovka GES to‘g‘oniga zarar yetkazishga va bunda javobgarlikni Ukraina zimmasiga yuklashga tayyorlanayotgani aytilgandi. O‘z navbatida, RF qurolli kuchlarining Ukrainadagi guruhi qo‘mondoni general Sergeya Surovikin Kiyevni Kaxovka GESga yoppasiga raketa zarbalari berishga tayyorlanishda ayblagandi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top