11:05 / 09.06.2023
33416

Kaxovka GES to‘g‘onini kim portlatdi? Asosiy uch versiya

Quyida RF va Ukraina qurolli kuchlari uchun harbiy ustunliklar nuqtayi nazaridan ehtimoliy versiyalar tahlil qilib chiqiladi.

Foto: Meduza

Ukraina va Rossiya bir-birini Dniproning quyi oqimida suv toshqiniga sabab bo‘lgan Kaxovka GES to‘g‘onini portlatishda ayblamoqda. Biroq, to‘g‘onning ataylab vayron qilingani haqida hech qanday dalil keltirilmagan. AQSh rasmiylari anonim vakillar orqali Rossiya qo‘shinlarining ushbu falokatga aloqadorligini tasdiqlovchi hujjatlarni maxfiylikdan chiqarishga va’da berishdi, biroq keyinchalik hech qanday ishonchli dalillar yo‘qligini rasman e’lon qilishdi.

Portlashning video dalillari hali paydo bo‘lgani yo‘q, ular yordamida to‘g‘onni vayron qilgan aybdorni aniqlash mumkin edi. Bunday sharoitda falokat sabablarining uchta versiyasi ehtimolini baholashga to‘g‘ri keladi: ikki tomondan birining diversiyasi, shuningdek, to‘g‘onning o‘z-o‘zidan vayron bo‘lishi. Hozirda mavjud bo‘lgan yagona tahlil vositasi – Dniproning quyi oqimidagi suv toshqini kimga ko‘proq foyda keltirishini aniqlashdir. Shuni yodda tutish kerakki, bu aybdor tomonni aniqlashga imkon bermaydi, chunki sabablarning mavjudligi o‘z-o‘zidan aybni isbotlamaydi.

GES to‘g‘oni vayron bo‘lishidan oldin nimalar bo‘lgandi?

2022 yil 11 noyabr kuni rus qo‘shinlari Dniproning o‘ng sohilini tark etdi. Buning sababi – katta guruhni daryo orqali ta’minlashning qiyinligi edi. Yozda Ukraina qurolli kuchlari yuqori aniqlikdagi ko‘plab HIMARS raketa tizimlarini oldi, ularning asosiy nishonlari Dnipro daryosi orqali Xerson oblastini bog‘lab turuvchi ko‘priklar bo‘lgandi.

Xerson yaqinidagi ko‘priklarga shikast yetkazildi, oqibatda ulardan foydalanish deyarli imkonsiz bo‘lib qoldi. Kaxovka suv ombori to‘g‘oni bo‘ylab yotqizilgan yo‘l va temiryo‘llar ham bir necha bor raketa zarbalari natijasida shikastlandi, ammo qisman saqlanib qoldi. Biroq, ular Qora dengiz va Dniprodan tortib, Kriviy Rih (Krivoy Rog) chekkasigacha bo‘lgan ulkan hududdagi qo‘shinlarni transport orqali ta’minlash uchun yetarli emasdi.

Chekinayotgan rus qo‘shinlari to‘g‘ondagi yo‘l o‘tkazgichlarni portlatib yuborishdi. Shu bilan birga, to‘g‘onning o‘zi ham biroz zarar ko‘rdi: portlash joyidan suv sizib chiqa boshladi, bu sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida ham yaqqol ko‘rindi.

Rossiya qo‘shinlari chiqib ketgandan so‘ng, front chizig‘i Dnipro daryosi va uning irmoqlari bo‘ylab o‘tdi. Rossiya qurolli kuchlari endi o‘ng sohilga o‘tishga urinmadi, Ukraina qurolli kuchlari esa chap qirg‘oqqa o‘tishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi.

Kaxovka GES hududida pozitsion janglar bo‘lib o‘tdi: ikkala tomon Dnipro bo‘ylab bir-biriga qarata o‘q uzdi. To‘g‘onda kamikadze dronlari va tankka qarshi raketalar faol ishlatildi. Rossiya qurolli kuchlari chap sohildagi elektr stansiyasi sanoat binolaridan kuzatuv posti sifatida foydalana boshladi. To‘g‘onning o‘zini hech kim nazorat qilmadi: chunki muntazam o‘qqa tutishlar sababli buning iloji yo‘q edi (Rossiya harbiylari faqat GES binolarini nazorat qildi, lekin to‘g‘onni emas).

6 iyun tongida to‘g‘on qulab tushdi: birinchi navbatda, Rossiya tomonidan ko‘priklarning buzilishi natijasida shikastlangan qanotlar, so‘ngra janubdagi elektr stansiyasi binolariga tutashgan qismlar vayron bo‘ldi (avvalroq u yerga HIMARS raketalari kelib urilgan edi).

Xaritada Kaxovka GES to‘g‘oni buzilishi oqibatida Dnipro deltasida suv ostida qolishi mumkin bo‘lgan aholi yashash manzillari keltirilgan. Yashil rang Kaxovka GESdagi suv sathi darajasini, qizil — deltadagi nisbatan pastroq hududlarni anglatadi. Suv sathidan pastroq joylashgan hududlarda xavf yuqori. Ukraina QK va Rossiya qo‘shinlari o‘rtasidagi taxminiy tutashuv chizig‘i Dnipro hududi bo‘ylab o‘tadi.

Quyida falokatning har bir versiyasi tahlil qilib chiqiladi

Ukraina versiyasi: Rossiya Ukraina qarshi hujumini to‘xtatish uchun to‘g‘onni portlatib yubordi.

Asoslar (argumentlar):

  • 2022 yil noyabr oyida Rossiya qo‘shinlari Dniproning o‘ng sohilini tark etgandan so‘ng, Ukraina qurolli kuchlari Xerson yaqinidagi orollarni ozod qilish bo‘yicha mahalliy ahamiyatga ega bir qancha amaliyotlar o‘tkazdi. Og‘ir yo‘qotishlarga qaramay (Rossiya manbalari haftada bir necha marta orollardagi ukrain askarlari guruhlariga berilgan zarbalar haqidagi videolarni e’lon qilib turdi), Ukraina qurolli kuchlari orollarning aksariyat qismidan Rossiya harbiylarini siqib chiqarishga muvaffaq bo‘ldi. Ukraina kuchlari daryoning chap sohilidagi botqoqli hududda mustahkam o‘rnashib olishga harakat qildi. Bu sa’y-harakatlarning barchasi Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujum boshlanishi paytida daryoni kechib o‘tish niyatida ekanidan dalolat berardi. Daryo bo‘ylab ta’minotdagi qiyinchiliklarni hisobga olgan holda, bunday operatsiya hujumning asosiy zarbasi bo‘lishi qiyin edi, ammo u (yoki hatto uning tahdidi) ko‘p sonli rus qo‘shinlari harakatlarini cheklab qo‘ydi.
  • Shubhasiz, suv toshqini desant operatsiyasini murakkablashtiradi: toshqindan keyin yangi (va Ukraina qurolli kuchlari tomonidan razvedka qilinmagan) qirg‘oq chizig‘i shakllandi; chap qirg‘oqda allaqachon botqoq bo‘lgan maydonlar umumiy katta botqoqqa aylandi.
  • Ukraina qurolli kuchlari Dnipro orollaridagi o‘z pozitsiyalarini yo‘qotdi, ular bir necha oy davomida qaytarib olgan va kelajakda desant tashlash operatsiyasi uchun bazaga aylanishi mumkin edi. Bu pozitsiyalar orollar bilan birga cho‘kdi.
  • Nazariy jihatdan, falokat Rossiya qurolli kuchlariga Dnipro frontini himoya qilayotgan qo‘shinlarning bir qismini boshqa yo‘nalishlarda vaqtincha ishlatishga imkon berishi mumkin. To‘g‘ri, suv sathi pasayib, suv bosgan hududlardagi vaziyat oydinlashgach, Ukraina qurolli kuchlarining daryoni kechib o‘tishi xavfi yana paydo bo‘ladi.

Qarshi asoslar:

  • Suv rossiyaliklarning Dnipro qirg‘og‘idagi ko‘plab pozitsiyalarini yuvib ketdi. Ukraina desanti tashlanishi taxmin qilingan hududlardagi mina maydonlari ham yo‘q qilindi. Ilgari Rossiya qurolli kuchlari nazorat qiladigan qirg‘oqlar kuchli istehkomlar bilan o‘ralgan edi, endi u faqat suv bilan qoplangan.
  • Rossiya askarlari beligacha suvga botib, o‘z pozitsiyalaridan chekinmoqchi bo‘layotgani aks etgan videolar paydo bo‘ldi (taxminlarga ko‘ra Dnipro orollaridan birida). Ukraina harbiylari suv Rossiyaning ko‘plab harbiy qismlarini qanday yuvib ketganini o‘z ko‘zi bilan (dronlarda kameralar yordamida) ko‘rganini da’vo qilmoqda. Rossiya harbiylari, ehtimol, to‘g‘onning portlatilishi haqida hech narsa bilmagan.

Rossiya versiyasi: to‘g‘on Ukraina qurolli kuchlari tomonidan portlatilgan – Dniprodagi qo‘shinlari vazifasini yengillashtirish yoki chap qirg‘oqqa desant tashlanishini osonlashtirish uchun

Asoslar:

  • Dniproning o‘ng qirg‘og‘i Rossiya qurolli kuchlari nazorat qiladigan chap qirg‘oqdan balandroq. Oqibatda rus qo‘shinlarining pozitsiyalari va minalangan maydonlar eng ko‘p zarar ko‘rdi. O‘ng tomonda faqat Xersondagi qirg‘oq zonasi va boshqa bir qancha aholi punktlari qisman suv ostida qoldi. Bu hududlar aholisining katta qismi avvalroq Rossiya zarbalari tufayli evakuatsiya qilingan. Ukraina qurolli kuchlarining o‘ng qirg‘oqdagi harbiy infratuzilmasi buzilmagan. To‘g‘on yorilishining bunday oqibatlarini oldindan osongina bashorat qilish mumkin edi.
  • Rossiya qurolli kuchlarining chap qirg‘oqda bir necha oy davomida qurgan barcha mudofaa tizimi vayron bo‘ldi. Nazariy jihatdan, bu Ukraina qurolli kuchlariga yaqin orada daryoni qayiqlarda kechib o‘tish imkonini beradi (bu dalilni yaqin kelajakda osongina tekshirish mumkin).
  • Ukraina yirik kuchlari uchun yengib bo‘lmaydigan to‘siq hisoblangan Kaxovka suv omborining kengligi muqarrar ravishda kamaydi. Endi Rossiya qurolli kuchlari daryoni nafaqat to‘g‘onning pastki qismidan, balki yuqori qismidan ham kechib o‘tish tahdidi bilan hisoblashishi kerak. Ushbu tahdidni bartaraf etish uchun daryo qirg‘og‘ida yangi, katta zaxiralarni to‘plash kerak bo‘ladi.

Qarshi asoslar:

  • Sobiq amerikalik harbiy muhandis Charlz Rey yozganidek, suv toshqini Dnipro bo‘ylab ko‘priklar qurishni texnik jihatdan imkonsiz qiladi, bu esa chap qirg‘oqdagi har qanday katta guruhni ta’minlash uchun mutlaqo zarur. Toshqindan keyin qirg‘oqning holatini oldindan bashorat qilib bo‘lmaydi, demak, desant operatsiyasini ham rejalashtirish mumkin emas.
  • Kichik guruhlarning qayiqlar bilan daryoni kechib o‘tishi xuddi shu sabablarga ko‘ra qiyin bo‘ladi. Toshqindan keyin desantning yashirinadigan joyi qolmaydi va tuproq istehkomlarini qurish qiyin kechadi. Sayoz suv ombori tubi bo‘ylab chap qirg‘oqdagi guruhni ta’minlash ham imkonsiz bo‘ladi. Ko‘pgina texnikalar u joydan o‘tolmaydi. Qizig‘i shundaki, Moskva tomonidan Xerson oblastiga «gubernator vazifasini bajaruvchi» etib tayinlangan Vladimir Saldoning so‘zlariga ko‘ra, falokatdan keyin jangovar vaziyat Rossiya foydasiga og‘gan.
  • Dnipro bo‘ylab Rossiya mudofaasi asosan artilleriyaga tayangan, ularning pozitsiyalari asosan suv toshqini zonasidan tashqarida joylashgan, shuningdek, aviatsiyaga ham tayangan. Aynan Rossiya qurolli kuchlarining artilleriya va havo zarbalari Ukraina qurolli kuchlarining Dnipro orollaridagi yurishini to‘xtatdi va chap sohildagi istehkomlarni yo‘q qildi. Ularning artilleriya va samolyotlardan foydalanishda davom etishiga hech narsa to‘sqinlik qila olmaydi. Toshqindan keyin chap sohilda yashirinadigan joy yo‘qligi sababli, bunday zarbalar yanada samaraliroq bo‘lishi mumkin.
  • Ukraina qurolli kuchlariga Rossiyaning Dnipro bo‘ylab hujumiga qarshi to‘siq yaratishiga hojat yo‘q edi: bunday hujum umuman rejalashtirilmadi. Yaqin oylarda operatsiya o‘tkazishning ma’nosi yo‘q: endi Rossiya Xersonni egallab olishga, Dniproning narigi tomonida ko‘priklar qurishga va ta’minotni tiklashga, shu bilan birga Odessaga hujum uyushtirishga umid qilolmaydi (faqat uning egallab olinishi bunday qaltis operatsiyani oqlashi mumkin edi).
  • Va nihoyat, Ukraina harbiy rahbariyati o‘tgan yil kuzida Xersonga qarshi muvaffaqiyatsiz hujum paytida to‘g‘onni raketa bilan buzish haqida o‘ylaganini tan oldi. Shu vaqtda Ukraina qurolli kuchlari katta yo‘qotishlarga duch keldi va qo‘mondonlik uchun g‘alaba qozonishning yagona yo‘li Dniproning o‘ng sohilidagi rus qo‘shinlarini ta’minotdan uzib qo‘yadigan texnogen toshqin bo‘lib tuyuldi. Ammo Ukraina qurolli kuchlari ancha qiyin vaziyatda ham, keyinchalik jiddiy foyda berishi taxmin qilingan bu g‘oyadan oqibatlari juda yomon bo‘lishi tufayli voz kechdi.

Neytral versiya: to‘g‘on o‘z-o‘zidan qulagan

Asoslar:

  • To‘g‘on kuzgi voqealardan keyin avariya holatida edi. U shikastlangan, kamida uning ustidagi yo‘l o‘tkazgichlar bir necha bor vayron qilingan. Kuzda rus harbiy muhandislari to‘g‘on ustidagi yo‘llarni tiklash ustida ishladi. So‘ngra, baribir yo‘l o‘tkazgichlarni portlatishdi va to‘g‘onga zarar yetkazishdi.
  • Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarga qaraganda, so‘nggi oylarda to‘g‘onning holati yomonlashdi. Suvni oqizish jarayoni tartibga solinmadi: rus qo‘shinlari GES sanoat binolarini nazorat qildi, ammo ulardan maqsadga muvofiq foydalanmadi. Gidrotexnika inshootlarini ta’mirlash deyarli imkonsiz edi: GES hududida janglar faol davom etdi. Ikkala tomon ma’lumotlariga ko‘ra, bahor oylarida Kaxovka suv omborida suv sathi muntazam ko‘tarilib bordi, bu esa to‘g‘onning buzilishi xavfini kuchaytirdi.
  • To‘g‘on portlashi aks etgan videolar umuman yo‘q. Garchi ikkala raqib GES hududida kuzatuv kameralariga, shu jumladan termal tasvir kameralariga ega bo‘lganiga qaramay (bunday kameralar doimiy ravishda yo‘q qilinib turildi, ammo ularning o‘rniga yangilari joylashtirilaverdi).

Qarshi asoslar:

  • Ukraina qurolli kuchlari hujumining birinchi bosqichi boshlangan kunning o‘zida to‘g‘onning vayron bo‘lgani juda g‘alati tasodif bo‘lib tuyuladi. Shu bilan birga, ikkala raqib ham uzoq vaqtdan beri bir-birini to‘g‘onni buzish niyatida ayblab kelgan.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top