Dono xalqimizda «Nonni katta tishlasang ham gapni katta gapirma» degan ibratli ibora bor. Bu ibora bekorga tez-tez aytilmaydi. Ko‘pchilikning orasida katta gapirib qo‘ygan insonlar keyinchalik boshlariga mushkul ish tushganda noqulay ahvolga tushib qolishadi. Ba’zilari umrining oxirigacha el-yurt orasida boshi egik holda yurishga majbur bo‘lishi ham mumkin.

Elektron pochtamga kelgan navbatdagi maktub ham shu mavzuda bo‘lib, uni ancha yillardan buyon savdo bilan shug‘ullanib kelayotgan inson yuborgan ekan. Maktub muallifi boshidan o‘tgan hodisani hikoya qilar ekan, bir paytlar o‘ziga yaqin bo‘lgan insonlar haqqiga noo‘rin gapirib noqulay vaziyatga tushib qolganini yozgan:

«O‘shanda boshqalar sha’niga gapirgan noo‘rin gaplarim bir kun mening ham hayotimda sodir bo‘lishini yuzimni yerga qaratishini o‘ylamagan ekanman. Barchasi mening ham boshimga tushgach xato qilganimni anglab yetdim».

Maktub muallifi inson ayniqsa puli ko‘paygan vaqtda tiliga ehtiyot bo‘lishi, xatti-harakatlarini qattiqroq nazorat qilishi lozimligini, aks holda bilib-bilmay boshqalarning ko‘ngliga ozor yetkazib qo‘yishi mumkinligini ta’kidlaydi.

«Biz yashaydigan hududda nomus masalasiga juda jiddiy qaraladi. Shu sababli ham yigit va qizlarga yoshlikdan or-nomus masalalarida ehtiyot bo‘lish uqtiriladi.

Men ham ana shunday oilada ulg‘aydim. Oilada yagona o‘g‘il bo‘lganman. Otam har doim ayollarni xo‘rlash, ularga yomon munosabatda bo‘lish yomonligini, yigit kishi har doim ularga himoyachi bo‘lishini ta’kidlardi.

Yoshim ulg‘ayavergach erkak kishi oilaning asosiy ta’minotini gardaniga olishi lozimligini, turmush mashaqqatlarini xotiniga yuklamasligini aytardi.

Shuningdek, otam biron marta onamga yomon gapirganini, uni so‘kkanini yoki urishganini eslay olmayman. Jahli chiqqanda ham o‘zini tuta olardi. Shuningdek, hech qachon boshqalarning ishini muhokama qilmasdi. Ayniqsa birovning xotinini muhokama qilish erkak kishining ishi emas, derdi.

O‘shanda otamning barcha o‘gitlarini oldim deb o‘ylardim. Biroq unday emas ekan. Keyinchalik o‘ylamasdan gapirilgan gap ortidan boshim ancha egildi.

Oila qurganimdan so‘ng ancha yil ota-onam bilan birga yashadik. Shu orada birin-ketin farzandli bo‘ldik. Men shahrimizdagi savdo kompleksidan joy olib savdoga chiqa boshladim. Xotinim uyda bolalar tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘ldi.

Uylanganimga ancha yillar bo‘lib, bolalarimning to‘ng‘ichi o‘n yoshdan oshgan kezlarda birin-ketin ota-onam olamdan o‘tishdi. O‘sha paytlarda savdoda ishim yurishib turgan paytlar edi. Tagimda yangi mashina, uy-joyimni chiroyli qilib ta’mirlatdim. Qisqasi, xotinim va bolalarim uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan edi.