Siril Ramafosa rahbarligidagi JAR delegatsiyasi Kiyevdagi Mixaylovskiy maydonida yo‘q qilingan Rossiya harbiy texnikalarini tomosha qilmoqda. 2023 yil 16 iyun. Foto: Yan Dobronosov / UNIAN

Afrikaning bir qator davlatlari yetakchilari Kiyevga yangi «ishonchni mustahkamlash bo‘yicha choralar» ko‘tarib kelishdi. Ularni «tinchlik rejasi», yo‘l xaritasi va h.k. deb atashmoqda. Xo‘sh, ularning Ukraina va Rossiya rahbariyatiga yetkazmoqchi bo‘layotgan tinchlik rejasi nimalardan iborat?

Eslatib o‘tmoq joiz, bu afrikaliklarning ikkinchi yildirki davom etayotgan urushda tinchlikparvar missiyasi bilan chiqish qilishga ikkinchi urinishi. Hozir ko‘pchilik ularning ilk missiyasi 2022 yil oktyabrida kutilmaganda o‘rtaga chiqqanini unutib yuborgan. O‘shanda mittigina, doim harbiy davlat to‘ntarishlari bilan chayqalib turadigan Gvineya-Bisau davlati prezidenti Umaru Sissoku Embalo Kiyev va Moskva o‘rtasida qatnagandi. Bu haqdagi yangiliklar avvaliga kimlargadir irqchilikka yo‘g‘rilgan latifadek yoki Kremlning navbatdagi nayrangidek ko‘ringan bo‘lishi mumkin, nima bo‘lganda ham, o‘sha vaqtda (Ukrainaning ilk muvaffaqiyatli qarshi hujumidan so‘ng) bu missiya muvaffaqiyatsizlikka uchrashi tayin edi va shunday bo‘ldi ham.

Biroq bugunga kelib, Afrika nomidan vazmin harakatlar amalga oshirilmoqda.

Birinchidan, ularning yangi tinchlikparvar missiyasini Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Siril Ramafosa boshqarmoqda. JAR — bu Gvineya-Bisau emas, u sanoati rivojlangan, jahonning top-20 iqtisodiyotlariga qatoriga kiruvchi, qora qit’aning birinchi iqtisodiyoti.

Boz ustiga, JAR Niderlandiya, Yaponiya, Braziliya, Argentina kabi zarurat tug‘ilganda bir necha oy ichida o‘z yadro qurolini yaratish imkoniyatiga ega davlatlar sirasiga kiradi.

Sanalgan davlatlar hozircha yadroviy qurollarni tarqatmaslik doktrinisaga sodiq qolmoqda va o‘z vaqtida yadroviy dasturlarini to‘xtatib qo‘yishgan (xususan, JAR o‘zida mavjud atom bombalarni ham yo‘q qilgan). Lekin yaratish imkoniyatini saqlab qolishgan.

Ikkinchidan, bunday missiyaga kirishish uchun afrikaliklar BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning shaxsan o‘zidan «oq fotiha» olishgan. U bilan suhbatda Ramafosa Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va RF prezidenti Vladimir Putin bilan bu borada suhbatlashishga ulgurganini aytgan. JAR prezidentiga ko‘ra, ularning har ikkisi Afrika davlatlari missiyasini qabul qilishga rozi bo‘lishgan.