Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri rossiyaliklarning qo‘lga olinishiga izoh berdi
Qirg‘izistonda rossiyalik urushga qarshi bir necha faollar qo‘lga olingan. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi rahbari Kulubayev rossiyaliklarning qo‘lga olingani yoki ularning Rossiya rasmiylariga ekstraditsiya qilinishi haqida bilmasligini aytdi.
Jeenbek Kulubayev Foto: centralasia.news
Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev 22 iyun, payshanba kuni Rossiya hukumati iltimosiga binoan bir qator rossiyaliklarning Bishkekda qo‘lga olingani yoki Rossiyaga deportatsiya qilinishi haqida hech narsa bilmasligini aytdi.
«Hozir bu yerga ishlash uchun kelayotgan rusiyzabon yoshlar ko‘p, lekin men u yerda kim qo‘lga olinayotgani haqida bunday faktlarni bilmayman, lekin agar ular mavjud bo‘lsa, bu Rossiyaning ichki ishi, lekin bu yerda Bishkekdagi rusiyzabon aholidan kimlar bor bo‘lsa, ular bemalol harakatlanyapti, uchrashyapti, ishlayapti, men bu yerda alohida muammo ko‘rmayapman, bunday faktlar yo‘q», — dedi u Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerga Qirg‘izistonga tashrifi chog‘ida hamrohlik qilayotgan nemis jurnalistining savoliga javob berar ekan.
Avvalroq Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari to‘rt nafar xorij fuqarosini, jumladan, uch nafar rossiyalik faolni qo‘lga olgani haqida xabar berilgandi. Ular - Rossiyada bezorilik ishi bo‘yicha sirtdan hibsga olingan «So‘l blok» faoli Lev Skoryakin, «Inson huquqlari uchun» harakatining sobiq matbuot kotibi, Rossiyada jinoiy ish qo‘zg‘atilgan Alena Krilova, keyinchalik Rossiyaga ekstraditsiya qilingan va Yekaterinburgdagi tergov izolyatoriga joylashtirilgan Aleksey Rojkov.
Qo‘lga olishlar Qirg‘izistonda 2 iyun kuni MDH davlatlararo qidiruvga berilgan shaxslarni tanib olish tizimi ishga tushirilgandan so‘ng amalga oshirilgan. O‘n kun ichida tashqi videokuzatuv kameralari yordamida MDH davlatlarida qidiruvda bo‘lgan 57 nafar shaxsni aniqlash mumkin bo‘ldi, deb xabar qildi Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi.
Qirg‘izistonlik huquq faollari bu jarayondan norozi. «Ular, albatta, Rossiya talabiga ko‘ra, hammani - jinoiy ish bo‘lgan va qidiruvda bo‘lganlarni deportatsiya qilyapti. So‘rov yuborilmaganlar, agar migratsiya qonunchiligi buzilishi bo‘lmasa, odatdagidek qolyapti. Ba’zilar, hattoki, jinoyat ishi ochilgani haqida bilmagan ham. Bir tomondan, inson huquqlari bo‘yicha majburiyatlarga normal rioya qilish kerak, ikkinchi tomondan, kelishuvlar doirasida ular jinoyatchidir», - deya huquq himoyachisi Gulshayir Abdirasulovadan iqtibos keltiradi The Insider.
Mavzuga oid
19:20 / 12.01.2026
Makkada qirg‘izistonlik ziyoratchilar uchun bepul mehmonxona qurilishi boshlandi
18:09 / 07.01.2026
Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari ham AQSh vizasi uchun 15 ming dollargacha garov to‘laydi
15:22 / 07.01.2026
Japarov Qirg‘iziston va Tojikiston yarashishida Shavkat Mirziyoyevning o‘rni katta bo‘lganini aytdi
23:08 / 03.01.2026