Jahon | 16:56 / 05.07.2023
11247
3 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston joriy mavsumda 5 mln tonna g‘alla yig‘ib olishni rejalashtirgan

2023 yilda qo‘shni Afg‘onistonda 5 mln tonna g‘alla yetishtirilishi mumkin. Agar prognoz qilinayotgan raqam 2022 yildagisi bilan solishtirilsa, hosil hajmi 25 foizga yoki 1 mln tonnaga oshishi mumkin.

Afg‘onistonda yetishtirilgan bug‘doy. Foto: shafaqna.com

Kazakh-zerno.net portalining yozishicha, Afg‘oniston o‘z oldiga yaqin kelajakda o‘zini o‘zi g‘alla bilan ta’minlash vazifasini qo‘ygan. Mamlakatning bug‘doy iste’moliga bo‘lgan talabi yiliga 6,5–7,5 mln tonnani tashkil etadi.

Hozircha Afg‘oniston Qozog‘istonda yetishtirilayotgan g‘allani import qiluvchi Top-3 davlatlar sirasiga kiradi. Qozog‘istondagi un tayyorlash kombinatlaridan tayyorlangani unni xarid qilish bo‘yicha esa yetakchi. So‘nggi uch mavsumda Qozog‘istondan Afg‘onistonga 1,8 mln tonna g‘alla va 3,5 mln tonna un jo‘natilgan. 2022-23 yilgi mavsumning 9 oyi ichida Afg‘oniston Qozog‘istonda tayyorlangan 1,12 mln tonna un va 733 ming tonna g‘alla xarid qilgan, deb yozadi Qozog‘iston sayti.

Ukragroconsult.com saytida yozilishicha, o‘tgan yili Afg‘onistonda joriy etilgan taqiqlar tufayli ko‘knori yetishtirish keskin qisqargan va dehqonlar yoppasiga bug‘doy yetishtirishga o‘tgan.

«Aynan mana shuning uchun g‘alla yetishtirish so‘nggi yil ichida keskin o‘sgan», — deya nashr Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi vazirligi vakili Misbahuddin Mustainning so‘zlarini keltirmoqda.

«Afg‘oniston — agrar davlat. Afsuski, biz shu paytgacha faqat g‘alla import qilib kelganmiz. Kamolxon, «Shoh va Aro‘s» to‘g‘onlari hamda Qo‘shtepa kanali kabi va boshqa sug‘orish obektlari qurilishi bilan biz o‘zimizni o‘zimiz g‘alla bilan ta’minlashga erishamiz», — degan vakillar palatasining qishloq xo‘jaligi va chorvachilik qo‘mitasi deputati Mirvois Hojizoda.

Afg‘onistonga azaldan un va g‘alla Pokiston orqali kirib kelgan. 2019 yildan boshlab Qozog‘iston va O‘zbekiston asosiy yetkazib beruvchilarga aylangan. 2022 yilda Afg‘oniston import qilgan unning 63 foizi Qozog‘iston, 36 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgan. 2022 yilda Afg‘oniston Rossiyada tayyorlangan 60 mln dollarlik un xarid qilgan va importni naq olti barobarga oshirgan.

Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zida 2022 yilda tayyorlangan un miqdori quyidagicha:

  • Qozog‘iston — 16,4 mln tonna;
  • O‘zbekiston — 7,6 mln tonna;
  • Afg‘onistan — 4,5 mln tonna;
  • Turkmaniston — 1,6 mln tonna;
  • Tojikiston — 0,9 mln tonna;
  • Qirg‘iziston — 0,7 mln tonna; 

Mavzuga oid