G‘arbdagi hozirgi siyosiy tafakkurning shakllanishida katolik cherkovi bilan tarixiy kurash katta o‘rin tutgan, shu sabab dinni tanqid qilishga erkinlik deb qaraladi. Islom dunyosi esa bunga rozi bo‘lmaydi. Oxirgi vaqtlarda erkinlik emas, shaxsning qadr-qimmati birlamchi ekani nihoyat tushunib yetilyapti. Shunday bo‘lsa-da, ayrim davlatlarda islomofob aksiyalarga sudlar darajasida ruxsat berish davom etyapti.
O‘tgan hafta, Qurbon hayiti kunlari Shvetsiyada yana Qur’on yoqish aksiyasi bo‘ldi. Bu birinchi marta emas. O‘tgan yillar davomida, Shvetsiyadagi ashaddiy millatchilar islom va musulmonlarga nisbatan nafratini ifodalash uchun bir necha marta Qur’on yoqish aksiyalarini o‘tkazdi.
Lekin bu safar muqaddas kitobni ashaddiy shved millatchilari yoqqani yo‘q. Bu ish, asli iroqlik bo‘lgan, 37 yoshli Salvan Momika ismli shaxs tomonidan amalga oshirildi. U Shvetsiyada qochqin sifatida yashab keladi. Muhojir. Salvan Momika va uning tarafdorlari yil boshidan buyon bir necha marta ushbu aksiyani o‘tkazishga harakat qilib kelgani aytiladi.
Salvan Momikaning motivlari haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Qolaversa, u o‘zini musulmon deb hisoblaydimi yoki bugungi kunda dinsizmi – bu haqda ham xabarlar yetishmaydi. Salvan bu namoyishni o‘tkazish uchun Stokholm politsiyasidan ruxsat so‘raganda, politsiya unga rad javobi beradi. Politsiya buni provokatsiya sifatida baholanishidan xavotirda ekanini aytadi. Shunday so‘ng, Salvan va uning tarafdorlari sudga murojaat qilib, o‘zlarining so‘z va fikr erkinligi ta’minlanishini talab qiladi. Natijada, sud ushbu namoyishni o‘tkazish uchun ruxsat bergach, Stokholm politsiyasi ushbu aksiyaga ruxsat bergani aytiladi. Shu bilan birga, politsiya unga qarshi “etnik guruhga qarshi qaratilgan targ‘ibot” gumoni bilan ish ochgan.
Qur’onni Stokholmdagi eng yirik masjid yonida yoqqan Salvan Momikaning bu ishi, shu zahotiyoq global e’tirozlarga va bo‘linishlarga sabab bo‘ldi. Katolik cherkovning boshlig‘i, Rim papasi Qur’on yoqilishini qattiq tanqid qilib, har qanday diniy kitoblarni yoqish – dindorlarning hissiyotlarini tahqirlash ekanini bildirdi.
Yevropa Ittifoqi institutlari nomidan ham alohida bayonot chiqarilib, unda shunday deyilgan: “Qur’onning yoki har qanday diniy kitoblarning yoqilishi tahqirlovchi, hurmatsizlik hisoblanadi, va aniqki, bu provokatsiyadir. Bu kabi rasizm, ksenofobiya va shu qarashlar bilan bog‘liq bo‘lgan toqatsizliklarga Yevropada o‘rin yo‘q. Qolaversa, bu ish musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan Qurbon Hayiti kunlari qilinishi – yanada achinarlidir”. Qur’on yoqilishini AQSh ham qoralagan.















