Jahon | 11:24 / 13.07.2023
4225
3 daqiqa o‘qiladi

Stoltenberg: Kiyevga qurol yetkazib berish - eng dolzarb vazifa

Agar Ukraina mavjud bo‘lishni to‘xtatsa, uning NATOga a’zoligi masalasini muhokama qilishga hojat qolmaydi, deya ogohlantirdi alyans bosh kotibi.

Foto: NATO

Ukrainani agressiyaga qarshi turish uchun zarur bo‘lgan qurol-yarog‘ bilan ta’minlash hujumga uchragan mamlakatning g‘arbdagi ittifoqchilari «eng dolzarb vazifasi» hisoblanadi. Bu haqda 12 iyul, chorshanba kuni NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg alyansning Vilnyusdagi sammitida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan qo‘shma chiqishi chog‘ida ma’lum qildi.

«Albatta, kafolatlar, hujjatlar, NATO-Ukraina kengashi yig‘ilishlari muhim, ammo hozir eng dolzarb vazifa - Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va uning qurolli kuchlarini yetarlicha qurol-yarog‘ bilan ta’minlash», — dedi Stoltenberg. Axir, agar Ukraina mavjud bo‘lishni to‘xtatsa, uning Shimoliy Atlantika ittifoqiga a’zoligi masalasini muhokama qilishga hojat qolmaydi, deya qo‘shimcha qildi u. 

«Bizning xabarimiz shunday: biz Ukrainani qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlaymiz. Va shoshilinch zarurat - unga (Ukrainaga) zarur bo‘lgan qurollarni yetkazib berish», - deya xulosa qildi NATO bosh kotibi. 

O‘z navbatida, Volodimir Zelenskiy Rossiya bilan urush tugaganidan keyin mamlakati NATO a’zosiga aylanishiga ishonch bildirdi. «Urush davom etayotgan paytda Ukraina NATOga a’zo bo‘la olmasligini aniq tushunadi. Lekin bugun biz uchrashgan ko‘plab hamkorlarimizdan yangragan signallar muhim, Ukraina haqiqatan ham NATO a’zosi bo‘ladi. Va bunday ishonch, mening fikrimcha, birinchi marta yangradi. Biz haqiqatan ham tegishli sharoitlar mavjud bo‘lganda NATOga a’zo bo‘lamiz. Shuni aytmoqchimanki, qachonki bizning yerimiz xavfsiz bo‘lsa», — deya Ukraina yetakchisining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Liga net internet nashri.

12 iyul kuni Vilnyusda Kiyev va Shimoliy Atlantika alyansi o‘rtasida hamkorlik qilish va Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishga Yevroatlantika intilishlarini ilgari surish maqsadida siyosiy muloqot o‘tkazish uchun tuzilgan organ - NATO-Ukraina kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Mavzuga oid