Shavkat Mirziyoyev inauguratsiya marosimidagi chiqishida muxolifat masalasiga ham to‘xtalgandi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov konstruktiv muxolifat hamda uning mamlakat rivojidagi roli haqida fikr yuritdi.

Yangi saylangan Prezident Mirziyoyev 14 iyul kuni qasamyod qabul qildi. Qasamyod qabul qilish – Konstitutsiyaviy talab. Bu bilan Shavkat Mirziyoyev prezidentlik vakolatlariga rasman kirishdi.

Prezident Mirziyoyevning ushbu marosimdagi nutqi muhim g‘oyalar va loyihalarga boy bo‘ldi. Muhim qadriyatlarga urg‘u qaratildi. Davlat mulozimlari va institutlar oldiga muhim vazifalar qo‘yildi.

Lekin O‘zbekiston jamoatchiligi nigohida bitta fikr kuchli aks sado berdi. Bu – prezidentning muxolifat haqida aytgan gaplari bo‘ldi. Mirziyoyev «keyingi yillarda konstruktiv muxolifat faoliyati kafolatlanishi»ni aytdi va bu fikrni ikki bor takrorladi. Bu orqali bu fikr qanchalik muhim vazifa ekani ham urg‘ulandi.

Xo‘sh, konstruktiv muxolifat nima va umuman, muxolifatning qanday turlari bo‘ladi?

Siyosatshunoslikda muxolifatning turlari yaxshi o‘rganilgan. Muxolifat eng avvalo, tizimga doir, ya’ni tizimni tan oluvchi va tizimdan tashqari – tizimni inkor qiluvchi tasniflarga bo‘linadi.

Misol uchun, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ko‘ra, huquqiy-demokratik, dunyoviy davlat. Agar biror siyosiy kuch, guruh, partiya yoki uyushma mana shu qadriyatlarni inkor qilib, «yo‘q, biz demokratik dunyoviy davlatchilikni inkor qilamiz» desa, bu aksil-tizim, ya’ni konstitutsion tizimni inkor qiluvchi muxolifat bo‘ladi. Konstitutsion qadriyatlarni tan olsa, tabiiyki, tizim doirasidagi muxolifat bo‘ladi.

Endi, muxolif kuch parlament ichida bo‘lishi mumkin, yoki parlamentdan tashqarida. Misol uchun, yangi tashkil etilgan muxolifat yoki saylovlarda parlamentga yetarlicha o‘rin ololmay qolgan bo‘lsa – parlamentdan tashqari muxolifat deyiladi. Agar yetarlicha o‘rin olib, parlamentda o‘z fraksiyasiga ega bo‘lsa – bu parlament muxolifati deyiladi.

Shuningdek, muxolifatni «konstruktiv» va «destruktiv»ga ham ajratishadi. Konstruktiv – bu «yaratuvchan», «tuzuvchi», «bunyodkor», «quruvchi» degan ma’nolarni beradi. Aynan shu so‘zdan «konstruktor» so‘zi olingan. Ya’ni agar biror muxolif kuch yoki shaxs davlat, millat, imkoniyatlar va manfaatlarni yaratuvchi deb baholansa, unga nisbatan konstruktiv deyishlari mumkin. Agar muxolifatning faoliyati foydadan ko‘ra, ko‘proq zarar keltiryapti, deb qabul qilishsa, unga unga nisbatan «destruktiv» atamasi ishlatiladi.