Prezident qarori bilan Soliq kodeksining 483-moddasiga (vaqtinchalik imtiyozlar) qo‘shimcha kiritildi.
Unga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvargacha O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, «O‘zbekiston professional futbol ligasi» jamoat birlashmasi, O‘zbekiston futbol hakamlari markazi va professional futbol klublari:
- barcha turdagi soliqlarni (bundan ijtimoiy soliq mustasno);
- o‘zi jalb qilgan chet el mutaxassislari va futbolchilarining daromadlaridan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini;
- O‘zbekistonga olib kiriladigan, O‘zbekistonda o‘xshashi ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari va inventari, translatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, inventar va texnika, farmakologiya tovarlari, sport oziq-ovqatlari, futbol (futzal) maydonlari uchun sun’iy o‘tlar, shokpad, granulalar, maxsus yelimlar va maxsus professional sport kiyim-boshlari, transport vositalari, shu jumladan maxsus transport vositalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lamaydi.
Ko‘pchilik tomonidan yangilik sifatida qabul qilinayotgan bo‘lsa-da, bu imtiyoz aslida avvaldan mavjud bo‘lib, oxirgisi 2018 yil 16 martdagi 3610-sonli prezident qarorining 10-bandiga ko‘ra ishlab kelayotgandi. Yangi qaror faqat imtiyoz muddatini 2026 yilgacha cho‘zdi, xolos.
Ha, yana bir o‘zgarish bor – yangi qarorda jalb etilgan chet ellik mutaxassislar bilan birgalikda futbolchilar (chet ellik) ham qo‘shilgan, avvalgi qarorda faqat chet ellik mutaxassislar daromad solig‘idan ozod qilingandi.
Bundan tashqari, avvalgi qarorda har qanday yuridik korxonaning foyda solig‘ini hisoblashda futbol uchun sarflangan homiylik mablag‘lari umumiy foydaning 10 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda ushbu soliqdan ozod qilinardi. Yangi qarorda bu qism ham olib tashlandi.
Bu mavzuda turli fikrlar bildirilmoqda. Umuman, futbolni rivojlantirish, futbolga munosabatning umumiy qoidasi bo‘lmaydi, arablar ko‘ngilxushlik uchun milliardlarni sarflashi, AQSh daromad manbayi sifatida qarab foyda olishga harakat qilishi, Yevropa esa butun dunyo kuzatadigan sport musobaqasiga aylantirib, millionlab pul aylantirishi mumkin. Yo‘llari ko‘p.
Aynan biz uchun qaysi yo‘nalish to‘g‘ri kelishi, aslida futbol uchun imtiyozlarni qo‘llash hashamatiga egamizmi, bu savollarni keyingi maqolaga qoldirib, boshqa jihatga e’tiboringizni qaratmoqchiman: futbol imtiyozlari o‘zi futbolga berilmoqdami? Futbolga qaratilgan imtiyozlar rostanam futbolga qaratilishi, bu qaror yordamida turli lazeykalar paydo bo‘lmasligi uchun nimalarga e’tibor berilishi kerak?















