Jahon | 10:16 / 25.07.2023
7662
2 daqiqa o‘qiladi

Prigojin isyoni va diversiyalar rossiyaliklarning asosiy qo‘rquviga aylandi

Rossiyaliklarni, asosan, Moskva va boshqa mintaqalarga dronlar hujumi, shuningdek, Yevgeniy Prigojinning isyon ko‘tarishga urinishi xavotirga soldi.

Foto: TASS

Qo‘poruvchilik faoliyati va Yevgeniy Prigojinning isyonga urinishi 2023 yilning ikkinchi choragida rossiyaliklar uchun qo‘rquvning asosiy manbasiga aylandi. Bu haqda KROS aloqa kompaniyasining 24 iyul, dushanba kuni chop etilgan tadqiqotida aytiladi

Aprel-iyun oylarida rossiyaliklar orasida eng katta qo‘rquv diversiya faoliyati tufayli kelib chiqqan bo‘lib, u ketma-ket ikkinchi chorakda KROS reytingining yetakchisi bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, uning kompaniya metodologiyasida qo‘llaniladigan umumiy tashvish indeksi ikki baravar oshdi. Tahlilchilar xavotir darajasini ommaviy axborot vositalaridagi yangiliklar, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi postlar va izohlar tahlili asosida o‘lchaydi. 

Moskva va boshqa viloyatlarga uchuvchisiz uchoqlar hujumlari, kremlparast bloger Vladlen Tatarskiyning o‘ldirilishi va yozuvchi Zaxar Prilepinning hayotiga suiqasd qilinishi, shuningdek, Belgorod viloyatida «Rossiya ko‘ngillilar korpusi»ning reydi «diversiya xavotirini» shakllantirgan asosiy voqealar bo‘ldi. 

Xavotirning umumiy indeksida ikkinchi o‘rindan «Vagner» XHKning muvaffaqiyatsiz isyoni joy oldi. Tadqiqot mualliflarining fikricha, inqirozni tinch yo‘l bilan hal qilish ijtimoiy tarmoqlarda bir qator fitna nazariyalarini keltirib chiqargan va bu tashvishning yanada kuchayishiga yordam bergan. Uchlikni tabiiy ofatlar bo‘yicha xavotirlar egalladi. Ukrainaning qarshi hujumi va ortib borayotgan yadroviy tahdid bilan bog‘liq xavotir mos ravishda to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlardan joy oldi.

Mavzuga oid