Statistika agentligi O‘zbekistonning 2023 yil yanvar-iyul oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir ma’lumotni e’lon qildi.
Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika tashqi savdo aylanmasi (TSA) 35 mlrd dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 14,9 mlrd dollarni, import hajmi esa 20 mlrd dollarni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda eksport hajmi 31 foizga, import hajmi 18,1 foizga oshgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 5 mlrd dollarga yetgan.

Tashqi savdoda Xitoyga bog‘liqlik ortgan
O‘zbekistonning tashqi savdo aloqalarida Xitoyga bog‘liqligi ortib bormoqda. Xususan, yil boshidan beri Xitoyning O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmi 6,9 mlrd dollarga yetgan. Bu respublika umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmining 19,5 foizini tashkil qilgan.

2023 yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan top-10 davlat:
- Xitoy – 6,9 mlrd dollar;
- Rossiya – 5,3 mlrd dollar;
- Qozog‘iston – 2,5 mlr dollar;
- Turkiya – 1,9 mlrd dollar;
- Koreya – 1,3 mlrd dollar;
- Qirg‘iziston – 632,2 mln dollar;
- Germaniya – 609 mln dollar;
- Fransiya – 518 mln dollar;
- Turkmaniston – 492 mln dollar;
- Afg‘oniston – 471 mln dollar.
Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor davlatdan faqatgina uchta mamlakat – Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan ijobiy tashqi savdo balansi kuzatilgan. Qolgan 17 ta davlat bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolgan.
Oltin eksporti
Joriy yilning yanvar-iyul oylarida 5,6 mlrd dollar qiymatidagi oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 37,7 foizini tashkil etadi.
O‘z navbatida oltin eksporti 2022 yilning mos davri bilan taqqoslanganda, 89,8 foizga ko‘paygan.











