Bu urush boshlanganidan buyon birinchi marta Rossiyaning bir necha hududlariga deyarli bir vaqtda dronlarning yoppasiga hujum qilishi bo‘ldi. Hujumlarda ishtirok etgan dronlar soni hozircha aniq emas. Yetkazilgan zarar ko‘lami aniqlashtirilmoqda, ammo dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lmagan.

Pskov

Pskov aeroportiga dronlar hujum qilishi oqibatida Il-76 harbiy-transport samolyotlari yonib ketgan, deb xabar beradi FVV. TASS agentligi ma’lumotiga ko‘ra, to‘rtta samolyotga shikast yetkazilgan.

Aeroport kun davomida fuqarolik reyslariga xizmat ko‘rsatmaydi. Rosaviatsiya xabariga ko‘ra, parvozlarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi aeroport tizimlari shtat rejimida ishlamoqda.

Pskov aeroporti hududida davomli portlashlar ro‘y bergani haqida chorshanbaga o‘tar kechasi xabarlar kela boshladi. Ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda ushbu hudud usti yorishib ketgani aks etgan video ham tarqaldi.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, uchuvchisiz uchar qurilmalardan biri aeroport hududidagi yonilg‘i quyish kompelksiga kelib urilgan va yong‘in shul’asi uzoqlardan ham ko‘ringan.

«Allaqachon kamida beshta kuchli portlashlar bo‘ldi… Vokzal hududi to‘liq va Krest mikrorayoni (Pskov aeroporti hududi) olov va tutun ichida qoldi, yong‘in juda kuchli», — deya yozgan «Pskovskaya guberniya» telegram-kanali.

«Shahardagilarning barchasi portlashni eslatuvchi o‘nlab ovozlarni eshitishgan, aeroport tomonga ketayotgan o‘t o‘chiruvchilar va politsiyachilarning mashinalarini ko‘rishgan», — degan pskovliklardan biri BBC bilan suhbatda.

Mahalliy manbalar portlashlardan tashqari aeroport hududidan miltiqlardan uzilgan o‘qlar ovozlari ham eshitilganini yozgan — taxminlarga ko‘ra, dronlarni shu yo‘l bilan urib tushirishga urinishgan.

«Pskovskaya guberniya»ga ko‘ra, hujumda kamida 10 ta dron ishtirok etgan.

Pskov aeroportida fuqarolik reyslariga ham, harbiy samolyotlarga ham xizmat ko‘rsatiladi. Ochiq manbalarga ko‘ra, harbiy aerodrom qismida Rossiya armiyasi 334-harbiy-transport aviapolki joylashtirilgan.