14 sentabr kuni Dushanbeda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda beshta respublika prezidentlari bilan birga, faxriy mehmon sifatida Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev hamda BMT Bosh kotibining maxsus vakili – Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Kaxa Imnadze ham qatnashdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev sammitdagi nutqida Markaziy Osiyoda barqarorlik va birdamlik mustahkamlanayotgani asosiy natija sifatida qayd etdi. Unga ko‘ra, Markaziy Osiyo G‘arbni Sharq va Shimolni Janub bilan bog‘laydigan transport xabi bo‘lishdek tarixiy vazifani yana o‘z zimmasiga olmoqda.

“Bugun biz global va mintaqaviy siyosat kun tartibidagi ko‘plab dolzarb masalalar bo‘yicha yagona pozitsiyada turib harakat qilmoqdamiz”, – dedi prezident. Mirziyoyev buning natijasi sifatida “Markaziy Osiyo plyus” formatida qariyb 10 dan ortiq hamkorlik muloqotlari ta’sis etilganini ta’kidladi.

O‘zbekiston yetakchisining qayd etishicha, Markaziy Osiyo mintaqasi “geosiyosiy raqobat va ziddiyatlarning oqibatlarini to‘liq his etmoqda”. Bunday xavf-xatarlarga samarali qarshi turish uchun “ko‘p qirrali sheriklikni chuqurlashtirishga qaratilgan qo‘shma sa’y-harakatlarni birlashtirish” kerak.

Erkin savdo

Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan ilgari surgan takliflardan birinchisi o‘zaro savdoni erkinlashtirishga oid bo‘ldi.

“Tovar aylanmasi hajmini oshirish maqsadida istisno va cheklovlarsiz to‘laqonli erkin savdo zonalarini tezroq shakllantirish lozim.

Shu munosabat bilan, mintaqada barqaror savdo-logistika zanjirlarini shakllantirish, chegaraoldi hududlarida savdo va kooperatsiya markazlarini ochish va kengaytirish, o‘zaro savdo bo‘yicha qonunchilikni uyg‘unlashtirish va bu boradagi to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona ma’murchiligi, sanitar va fitosanitar nazorati, tovarlarning qayerdan olib kelinayotganini sertifikatlash bo‘yicha yagona elektron platformalar yaratish, mintaqaviy elektron savdo maydonini ishga tushirishni ko‘zda tutadigan kompleks mintaqaviy dasturni qabul qilishni taklif etamiz”, – dedi prezident.