O‘zbekiston | 07:20 / 22.09.2023
1934
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni 4 ta sohada yangi loyihalarni ishga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishdi

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, chakana savdo tarmoqlarini tashkil etish yo‘nalishlarida bir qator loyihalarni foydalanishga topshirish tezlashtiriladi.

Foto: Dunyo

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Oybek Hamroyev va Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri o‘rinbosari Muhammad Al-Hasna o‘rtasida video-konferens-aloqa orqali muzokaralar o‘tkazildi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, muloqot chog‘ida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, energetika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish borasida keyingi amaliy qadamlar muhokama qilindi.

O‘zbekiston prezidentining 2022 yil avgust oyida Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida SABIC, Saudi Telecom Company, Saudi National Bank, Dr. Sulaiman Al-Habib Medical Group, Jamjoom Pharma, Al Rajhi International, Ajlan & Bros Holding Group va Al Hokair Group kompaniyalari bilan kimyo, telekommunikatsiya, tibbiyot, farmatsevtika sohalari va bank sektori, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, chakana savdo tarmoqlarini tashkil etish yo‘nalishlarida bir qator loyihalarni foydalanishga topshirishni tezlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Saudiya Arabistoni tomonidan 24-25 dekabr kunlari ikki davlat o‘rtasidagi savdo, iqtisodiyot, fan-texnika, madaniyat, sport va yoshlar sohalarida kelishuvlarni monitoring qilish bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning oltinchi yig‘ilishini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar erishilgan barcha kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.

Mavzuga oid