O‘zbekiston | 07:58 / 22.09.2023
2674
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Farg‘onada qiymati 1,37 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshiradi

Mamlakatning 12 ta kompaniyasi bilan jami 32 ta kelishuv amalga oshiriladi. Loyihalar qatorida viloyatda elektrobuslar, misdan tayyor mahsulot ishlab chiqarish, mebelsozlik hamda raqamlashtirish kabilar bor.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

Xayrulla Bozorov boshchiligidagi Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Xitoyga amaliy tashrifi davomida jami 32 ta, shundan umumiy qiymati 1,37 mlrd dollar bo‘lgan 29 ta investitsiyaviy kelishuv va savdo shartnomalari imzolandi.

China Power International, CAMC Engineering Co., Shaanxi Xiangsheng Industrial Group, China Huadian Engineering Company bilan Beshariq va Farg‘ona tumanlarida fotoelektrik stansiyalar qurish uchun umumiy qiymati 1,0 mlrd dollar bo‘lgan 4 ta loyiha bo‘yicha hujjat imzolandi.

Sanoat sohasida misdan tayyor mahsulot, qishloq xo‘jaligi texnikasi, bolalar tagliklari, kafel, keramogranit, temir profillar ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda umumiy qiymati 112 mln dollar bo‘lgan 7 ta loyiha doirasida kelishuvlar imzolandi. 

Charm-poyabzal va mebelsozlik bo‘yicha umumiy qiymati 26 mln dollar bo‘lgan 7 ta, shu jumladan, Foshan shahar mebelchilar uyushmasiga a’zo korxonalar tomonidan Toshloq tumanida loyiha qiymati 10 mln dollar bo‘lgan mebel ishlab chiqarish korxonasi va shou-rum qurish bo‘yicha hujjatlar imzolandi.

DongFeng Special Car Sompany bilan imzolangan kelishuv bo‘yicha Furqat tumanida 2 bosqichda yillik quvvati 1000 dona, qiymati 100 mln dollarlik elektrobuslar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. 

Tashrif davomida kelishuvga erishilgan 12 ta kompaniya rahbariyatining joriy yil sentabr-oktyabr oylarida Farg‘ona shahriga yetib borishi rejalashtirildi.

Mavzuga oid