Qatar bilan hamkorlikni kengaytirish O‘zbekistonga Fors ko‘rfaziga chiquvchi koridor tashkil etish, qator sohalar, xususan energetikaga investitsiyalar jalb qilish hamda “Tolibon” bilan muzokaralar uchun qo‘l keladi, deydi siyosatshunos Farhod Karimov.
1-2 oktyabr kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatarga davlat tashrifini amalga oshirdi. Kun.uz muxbiri bu arab davlati bilan hamkorlikka doir savollar bilan “Geosiyosat” dasturida siyosatshunos Farhod Karimovga murojaat qildi.
— O‘zbekiston va Qatar munosabatlari tarixi va hozirgi bosqichi haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsangiz.
— Oxirgi 5 yil ichida O‘zbekiston juda faol tashqi siyosat olib boryapti. Tashqi siyosatning bir yo‘nalishi sifatida arab, Fors ko‘rfazi davlatlari bilan ham aloqalar yaxshilanmoq, xususan, Qatar bilan ham. Saudiya, BAA kabi davlatlar bilan ancha oldin munosabatlar o‘rnatganmiz, so‘nggi yillarda Qatar ham bular qatoriga qo‘shildi.
O‘zbekiston va Qatar munosabatlari mustaqillikning ilk yilida boshlangan. 1991 yil 30 dekabrda Qatar O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan va aloqalar boshlanib ketgan. Ammo keng ko‘lamli ishlar bo‘lgani yo‘q. Chunki sobiq ittifoq tarqalgach, aholisi musulmon bo‘lgan Markaziy Osiyoga Fors ko‘rfazi davlatlari qiziqib, haddan tashqari faollik ko‘rsatdi, shuning uchun mintaqa davlatlarida masofa saqlash bo‘ldi. Vahobiylik kabi harakatlar ortidan o‘rtaga biroz sovuqchilik tushgan paytlar ham bo‘ldi.
Qatar O‘zbekiston bilan munosabatlarni Moskvadagi elchixonasi orqali muvofiqlashtirardi. Keyingi 2010 yildan boshlangan faollik ham bor, ya’ni so‘nggi 20 yilda Qatar juda katta kapitalga ega bo‘ldi va tashqi siyosatda ham faollik ko‘rsata boshladi. Qatar tomoni taklifi 2010 yilda birinchi prezident Islom Karimov Qatarga davlat tashrifi bilan borgan edi. Hozirgi aloqalarimizning huquqiy asosi o‘sha tashrif doirasida hujjatlashtirilgan. Ammo bu tashrifdan keyin ham hamkorlikda keskin bir o‘sishlar bo‘lmadi.
2016 yildagi ikkinchi hukumat davridan endi keskin o‘zgarishlar bo‘la boshladi. Va Qatar O‘zbekistonga yana qiziqa boshladi. 2017 yildan boshlab turli doiradagi uchrashuvlar bo‘ldi, O‘zbekiston tomonidan ham Qatar kapitaliga qiziqish kuchaydi. 2010 yilda taklif etilgan Turkmaniston, Eron, Ummon orqali Fors ko‘rfazi davlatlariga chiqadigan transport koridorini faollashtirish ham ko‘zda tutila boshlandi. Umuman, 2017 yildan boshlab O‘zbekiston va Qatar munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi, asosan iqtisodiy yo‘nalishlarda. 2023 yil may oyida O‘zbekistonda Qatar elchixonasi ochildi.













