Isroil va HAMAS harakati o‘rtasidagi urush to‘qqiz kundirki davom etmoqda. Harbiy harakatlar 7 oktyabr kuni G‘azo sektori hududidan turib raketa zarbalari berilishi, buning ortidan HAMAS va «Islom jihodi» guruhlari a’zolari Isroil hududiga kirib kelishi bilan boshlangandi. Falastinliklarning Isroil janubiga uyushtirgan reydi oqibatida 1300 dan ortiq isroillik halok bo‘lgan, 3400 atrofidagi kishi yaralangan. Bunga javoban Isroil o‘sha kuniyoq G‘azo sektori bo‘ylab yoppasiga aviazarbalar bera boshladi.

Shu bilan birga, Isroil mudofaa armiyasining (TsAHAL) shu hafta oxirida boshlanishi mo‘ljallangan quruqlik amaliyoti bir necha kunga kechiktirilgan, buning sabablaridan biri noqulay ob-havo sharoitidir, deya yozgan The New York Times Isroil armiyasidagi yuqori martabali manbaga tayangan holda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bulutli ob-havo quruqlikdagi qo‘shinlarni havodan turib qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘lgan isroillik uchuvchilar va dron operatorlarining imkoniyatlarini cheklashi mumkinligi shunday qarorga sabab bo‘lgan. Quruqlik amaliyotida o‘n minglab askarlar, tanklar, sapyorlar, aviatsiya hamda artilleriya tomonidan qo‘llab-quvvatlab turiladigan maxsus topshiriqli bo‘linmalar ishtirok etishi kutilmoqda.

TsAHAL matbuot xizmati 14 oktyabr kuni kechqurun Isroil armiyasi quruqlik amaliyotiga tayyor ekani haqida xabar tarqatgandi. Bundan oldinroq harbiylar G‘azodagi tinch aholini sektor janubiga evakuatsiya bo‘lishga chaqirgandi. HAMAS esa bu bayonotga e’tibor bermaslikka chaqirgan.

Isroil qanday javob qaytarmoqda?

Isroil mudofaa armiyasi 15 oktyabrga o‘tar kechasi G‘azo sektori bo‘ylab yo‘llangan aviazarbalar oqibatida HAMASning «Nuhba» bo‘linmasi qo‘mondoni Bilol Al-Kedra o‘ldirilganini ma’lum qildi.

Isroillik harbiylar hisoblashicha, Xon-Yunis shahridagi «Nuhba» qo‘mondoni Isroilning G‘azo sektori bilan chegaradagi Nirim kibutsida uyushtirilgan qirg‘in uchun mas’ul hisoblanadi. Aviazarba chog‘ida HAMAS va «Islom jihodi»ning boshqa a’zolari ham o‘ldirilgani aytilgan.

14 oktyabr kuni kechqurun va 15 oktyabrga o‘tar kechasi TsAHAL G‘azo sektorida Zaytun, Xon-Yunis va g‘arbiy Jabaliyadagi yuzdan ortiq nishonlarga zarbalar yo‘llagan. HAMASning qo‘mondonlik markazlari, harbiy komplekslar, raketa uchirish qurilmalari va kuzatuv punktlari zarbalar nishoni bo‘lgan. Shuningdek, «Islom jihodi» qo‘mondonlik markazlari ham nishonga olingan, deyiladi Isroil mudofaa armiyasi matbuot xizmati xabarida.

Avvalroq New York Times gazetasi isroillik harbiylarning hisobotiga asoslangan holda Isroil harbiy qo‘mondonligi G‘azo shahrini egallash uchun 10 ming kishilik qo‘shin yuborish va sektor rahbariyatini «yo‘q qilish»ni rejalashtirayotgani haqida xabar tarqatgandi. Hisobotda aytilishicha, bu 2006 yilgi Ikkinchi Livan urushi (o‘shanda Isroil va «Hizbulloh» harakati o‘rtasida urush chiqqandi) davridan buyon eng yirik yurish bo‘ladi va TsAHAL G‘azo sektorining bir qismini kamida ma’lum vaqtga qo‘lga olishga harakat qiladi. Shundan keyinroq quruqlik amaliyoti bulutli havo sharoiti tufayli kechiktirilishi haqida xabarlar chiqdi.