Vashington o‘tgan hafta Shimoliy Koreya Ukraina bilan urush uchun Rossiyaga o‘q-dori va qurol-yarog‘ yetkazib berganini da’vo qilganidan keyin Janubiy Koreya Qo‘shma Shtatlarga qo‘shilib, Shimoliy Koreyani qoralab chiqdi. Seul Pxenyanga qarshi qo‘shimcha choralar imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, dedi 21 oktyabr kuni Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligining yuqori martabali vakili.

Ayni paytda, tahlilchilarning fikricha, Janubiy Koreya Shimoliy Koreya yadro sinovlarini o‘tkazganidan so‘ng BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan bir necha bor kuchaytirilgan misli ko‘rilmagan xalqaro sanksiyalarga qaramay, qiyinchiliklarga dosh bera olgan shimoliy qo‘shnisi ustidan ozgina ta’sir kuchiga ega.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, 2006 yil oktyabr oyida KXDR tomonidan amalga oshirilgan birinchi yadroviy portlashdan buyon global geosiyosiy vaziyat keskin o‘zgardi va G‘arb bilan qarama-qarshilikni davom ettirgan Pxenyan endi Rossiya va Xitoy bilan yaqin ittifoqqa kirgan. Va bu ittifoqlar Shimoliy Koreyaga ko‘plab sanksiyalarni chetlab o‘tish, harbiy salohiyatini oshirish va Shimoli-Sharqiy Osiyoda o‘zining geosiyosiy ambitsiyalarini amalga oshirishga harakat qilish imkonini beradi.

Janubiy Koreya Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi o‘zaro harbiy ta’minotni qoraladi

Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi 21 oktyabr kuni o‘z bayonotida Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi munosabatlarning rivojlanishiga to‘xtalib: «Bu ikki davlat o‘rtasidagi har qanday o‘zaro ta’minot (harbiy sohada) BMT Xavfsizlik kengashi qoidalari, rezolyutsiyalarini ochiqdan-ochiq buzish va Koreya yarimorolida tinchlik va barqarorlikka tahdid hisoblanadi», deya ma’lum qildi.

Bu fikr AQSh Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi Vashingtonda jurnalistlarga Pxenyan Moskvaga 1000 konteyner harbiy yuk yetkazib bergani haqida aytganidan keyin yangradi. 

AQSh rasmiylariga ko‘ra, konteynerlar Shimoliy Koreya kemasi bortiga Rajin portida joylashtirilib, so‘ngra Rossiyaning Primorsk o‘lkasi Dunay qishlog‘idagi portga olib ketilgan. Bundan tashqari, Kirbi so‘zlariga ko‘ra, sun’iy yo‘ldoshlar yuk portdan Rossiyaning Ukraina bilan chegarasidan taxminan 290 km uzoqlikda joylashgan Tixoretsk shahri yaqinidagi o‘q-dorilar omboriga yo‘l olganini aniqlagan. 

Vashingtonda joylashgan Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (Center for Strategic and International Studies) tomonidan tahlil qilingan xuddi shunday kosmik suratlar Shimoliy Koreyaning Rossiya bilan chegarasi orqali o‘tayotgan konteyner tashuvchi poyezdlar soni keskin oshganini ko‘rsatdi.