G‘arb Ukrainadagi urushdan charchadi, G‘arbning Kiyevga va’da qilingan yordami hajmi avgustdan oktyabrgacha bo‘lgan davrda yillik hisobda 87 foizga - 16 milliard yevrodan 2 milliard yevrogacha kamaydi, deb xabar berdi Redaktionsnetzwerk Deutschland (RND) nashri 7 dekabr, payshanba kuni Kildagi Jahon iqtisodiyoti instituti (IfW) ma’lumotlariga tayanib. Bu G‘arbning Kiyevni qo‘llab-quvvatlashi 2022 yil fevral oxirida urush boshlanganidan beri eng past darajaga tushganini anglatadi.

IfW ta’kidlashicha, Ukrainaga yordamni qisqartirish tendensiyasi hisobot davridan bir necha oy oldin aniq bo‘lgan, yordamning qisqarishi esa barcha - gumanitar, moliyaviy va harbiy sohalarga ta’sir qilgan. «Harbiy yordam ko‘rsatishda eng kuchli pasayish kuzatilmoqda», dedi IfW eksperti Petro Bompretssi.

U mavjud vaziyatni shu paytgacha Ukrainaga boshqa barcha mamlakatlardan ko‘ra ko‘proq qurol yetkazib bergan AQShdan yangi harbiy yordam paketlari yo‘qligi bilan izohladi. Qo‘shma Shtatlardagi ichki siyosiy nizolar tufayli Kiyevga yangi yirik yordam paketlarini ajratish to‘xtatildi. Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan 42 davlatdan faqat yarmidan kamrog‘i so‘nggi oylarda Kiyevga yangi yordam paketlarini va’da qilgan. Yevropa Ittifoqi va AQSh yangi majburiyatlarni deyarli olmagan. 

Zelenskiy: G‘arb barcha kerakli qurollarni yetkazib bermadi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat G‘arbdan tezkor qarshi hujum uchun zarur bo‘lgan qurollarni umuman olmaganini aytdi. Yozgi hujum boshlanishidan oldin Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni so‘ragan 300 ta tank, 600 ta zirhli texnika va 500 ta gaubitsaning faqat bir qismi Ukrainaga yetib keldi. Kiyev hali ham F-16 qiruvchilarini qabul qilib olmagan. 

Snaryadlarning yetishmasligi, ayniqsa, frontda kuchli sezilmoqda. Ukraina o‘z o‘q-dorilarini ishlab chiqarishni tikladi, biroq uni zarur hajmda yakka o‘zi ishlab chiqarishga qodir emas. «Har kuni besh-sakkiz mingta snaryad ishlatiladi, bu hech bir mamlakat ishlab chiqara olmaydigan hajm», dedi RND’ga Yevropa tashqi aloqalar kengashining harbiy eksperti Gustav Gressel. 

Ukraina askarlari xabar berishicha, frontning eng qaynoq nuqtasi - Avdiyivkada Rossiya har kuni 20-30 barobar ko‘proq snaryadlardan foydalanmoqda. Yana bir harbiy ekspert Niklas Mazur Rossiya yaqin haftalarda qisman bo‘lsa ham muvaffaqiyatga erisha olsa, 2024 yilda urushning keyingi bosqichida tashabbusni qo‘lga olishi mumkinligini istisno etmadi. Har ikki ekspert sulh bo‘yicha chaqiriqlarga shubha bilan qarayapti.