Ariqdan suv ichayotgan qishloq va tuhmatchi hokimlik: Yangiqo‘rg‘on rasmiylari Kun.uz'ni eski video tarqatganlikda aybladi
Odamlar uzoqdagi ariqdan suv tashib ichayotgan bir paytda, Namanganning Yangiqo‘rg‘on tumani hokimligi «muammo qolmagan» deb bong urib, muammoni yoritgan OAVga tuhmat qilish bilan band.
Kun.uz 19 yanvar kuni «Nanayliklar hali ham ariqdan suv ichmoqda. Hokim o‘rinbosari «muammo hal bo‘ldi» degandi» sarlavhasi ostida maqola va videoko‘rsatuv e'lon qilgan edi.
Ko‘rsatuvda Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani Nanay qishlog‘idagi toza ichimlik suvi muammosi ko‘tarilgan bo‘lib, unda 2020 yil 12 yanvardagi tanqidiy maqoladan bir yil o‘tib, kamchiliklarni tuzatishga qanday e'tibor berilgani bayon qilinadi.
- 2020 yil yanvaridagi maqola: «Ota-bobomiz shu suvdan ichib kelgan». Yangiqo‘rg‘on hokimligi mutasaddisi minglab odamlar ariqdan suv ichishiga xotirjam qaraydimi?
- 2021 yil yanvaridagi maqola: Nanayliklar hali ham ariqdan suv ichmoqda. Hokim o‘rinbosari «muammo hal bo‘ldi» degandi
Tuman hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Murodjon Sotiboldiyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda: «Nanay qishlog‘ida yo‘l va suv bo‘yicha muammo qolmadi», deya ta'kidlagan. Ammo 2021 yil 12 yanvar kuni Nanayga borgan Kun.uz vakillari hokim o‘rinbosarining gaplari haqiqatdan yiroqligiga guvoh bo‘ldi.
21 yanvar kuni Yangiqo‘rg‘on tumani hokimligi matbuot xizmati Telegram'dagi rasmiy kanalida shu maqolaga munosabat bildirdi.
Munosabatda 2020 yil davomida tumanning chegara hududlaridagi ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar qanday hal etilgani haqida yozilgan.
Rasmiy axborotda Kun.uz maqolasida ko‘rsatilgan «Do‘stlik» MFY hududiga 2018 yilgi «Obod qishloq» dasturi asosida 7700 metr yangi ichimlik suvi tarmog‘i tortilgani, «Qayroqi» MFY hududida mavjud suv saqlash ombori 25 mln so‘mga tozalanib, 100 mln so‘mga 3900 metr ichimlik suvi tarmoqlari tortilgani haqida aytiladi.
Hokimlikning rasmiy izohi 7 abzatsdan iborat va undagi faqat bittagina jumla alohida ajratilib (to‘qroq shriftda) ko‘rsatilgan:
«... muxbir tomonidan olingan videolavhalar bundan 1 yil oldin olingan lavhalar», – deyilgan alohida urg‘u qo‘yib ajratilgan gapda.
Hokimlik bu bilan «Qayroqi» MFYdan olingan kadrlarni nazarda tutgan.
Ammo ta'kidlash kerakki, Kun.uz 2021 yil yanvarida e'lon qilgan videoning boshida bu reportajni uyushtirishning asoslari tushuntirilgan bo‘lib, 2020 yil yanvarida rasmiylar bergan va'dalarni eslatish maqsadida bir yil oldingi videodan qisqa kadrlar qo‘shilgan.
«Maqsadimiz – Nanayni yuz foiz toza ichimlik suvi bilan ta'minlash. Xudo xohlasa, 2020 yil birinchi choragida ta'minlab beramiz», – degan «Yangiqo‘rg‘on qishloq ichimlik suv» rahbari M.Mirsaydullayevning 2020 yil yanvardagi so‘zlari eslatilgan 2021 yil yanvardagi reportajda.
Bu arxiv video ekanini bildirish uchun kadrda 07.01.2020 sanasi ko‘rsatilgan. Intervyudan keyingi kadrlarda esa to‘liq 2021 yil 12 yanvarda tasvirga olingan videolar joylangan bo‘lib, buni kadr ortida aytilgan: «Oradan bir yil o‘tib, biz yana Yangiqo‘rg‘on tumaniga bordik», degan gapdan anglab olish qiyin emas.
Kun.uz muxbiri Yangiqo‘rg‘on tumani hokimligi matbuot xizmati xodimi Bekzodbek Sobirov bilan bog‘landi. Sobirov o‘sha kunlari Nanayda «qor yog‘magani va ariqlar muzlamagani» sabab videolavhalar unda shubha tug‘dirganini aytdi.
Suhbatda davomida u: «To‘g‘ri, intervyular shu kunlarda olingan bo‘lishi mumkin. Lekin Kun.uz'ning rasmiy Telegram-kanalida berilgan videolavha(tizer)dagi tasvirlar o‘tgan yilda olingan», deya ta'kidladi.
Kun.uz mazkur takroriy haqidagi tuhmatga javoban shuni ma'lum qiladiki, ko‘rsatuvning Telegram'dagi rasmiy kanalimizda e'lon qilingan tizeridagi kadrlarning yuz foizi 2021 yilda tasvirga olingan.
Tizerda Qayroqi mahallasida ariqdagi muzni yorib paqirda suv olayotgan ayollar, Do‘stlik mahallasidagi aholining eshak aravada bir kilometrdan muzlagan ariqdan suv tashiyotgani, Namuna mahallasi fuqarolarining bir yarim metr chuqurlikdagi ariqdan suv tashiyotgani aks etgan.
Kun.uz ijodiy guruhi aholi murojaati ortidan Nanaydagi muammolarni yoritish uchun dastlab 2020 yili 7 yanvarda borgan edi. Pandemiya balosi O‘zbekistonga 2020 yilning mart oyida kirib kelgani barchaga ayon. Nahotki, Yangiqo‘rg‘on hokimligi mutaxassislarini 2021 yildagi videolavhalarda fuqarolarning niqob taqib olgani o‘ylantirmagan bo‘lsa?
O‘zi umuman, ODAMLAR ariqdan suv ichayotgan bir paytda, tuman hokimligining bu tuhmatlari, hokim o‘rinbosarining bu yolg‘onlari qaysi qolipga sig‘adi?
Kun.uz voqeaga yanada oydinlik kiritish maqsadida o‘sha kuni Nanay qishlog‘ida muxbirlarga yo‘lboshlovchilik qilgan Bayozbek Sharipov va Do‘stlik mahallasida intervyu bergan Nodirbek G‘oibnazarov bilan bog‘landi. Har ikkisi ham tuman hokimligining bayonotidan hayronligini bildirishdi.
Nodirbek G‘oyibnazarov Nanayda o‘shandan keyin yana qor yoqqani, o‘sha 12 yanvar kuni paqir ko‘targani tasvirga tushib qolgan ayollar yana uzoqdan suv tashib qiynalayotganini aytdi.
Bayozbek Sharipov esa hokimlik vakillari Qayroqi mahallasida suv tizimi tortishga bo‘lgan urinishdan so‘ng chala tashlab ketilgan chuqurlar maqola chiqqan kunning ertasiga ko‘milganini ma'lum qildi.
Xulosa o‘rnida ta'kidlashni istardikki, Yangiqo‘rg‘on tumani hokimligi OAVdan kamchilik qidirish o‘rniga, ekoturizm markazi bo‘lgan Nanay qishlog‘ini ichimlik suvi bilan ta'minlash haqida ko‘proq qayg‘ursa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Mavzuga oid
12:32 / 08.09.2024
“O‘zsuvta’minot” muhim eslatma bilan chiqdi
22:38 / 07.09.2024
Suvsiz O‘zbekiston. Eski mavzuning yangi tafsilotlari
18:20 / 24.08.2024
Toshkent viloyatida ichimlik suvidan noqnuniy foydalangan korxona rahbari 5 yilga qamaldi
18:44 / 05.08.2024