O‘zbekiston | 17:25 / 24.12.2022
26273
6 daqiqa o‘qiladi

Issiq ovqatmi yoki yengil tamaddi – bepul ovqatlanish qaysi ko‘rinishda bo‘ladi?

Kelgusi o‘quv yilidan respublikadagi barcha maktablarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Prezident o‘z nutqida bu tushlik shaklida bo‘lishiga ishora qilgandi. XTV Kun.uz so‘roviga javoban bepul ovqatlantirish issiq ovqat yoki Qoraqalpog‘iston hamda Xorazm maktablarida yo‘lga qo‘yilgan yengil tamaddi ko‘rinishida bo‘lishi hozircha aniq emasligini bildirdi.

Prezident Mirziyoyev mamlakat parlamenti va xalqiga yo‘llagan murojaatida kelgusi o‘quv yilidan boshlab 11 ta viloyat va Toshkent shahri maktablarida ham o‘quvchilarni bepul ovqatlantirish amaliyoti joriy etilishini ta’kidladi. Buning uchun budjetdan 2,3 trillion so‘m ajratiladi. Jamoatchilik faollari o‘quvchilarga bepul ovqat berilishi qator muammolarga sabab bo‘lishi haqidagi xavotirlarini bildirishmoqda.

Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi maktablarning boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga yengil tamaddi ko‘rinishidagi bir martalik ovqat yetkazib berilmoqda. Foto: XTV axborot xizmati

“Bu tahsinga loyiq tashabbus. Lekin buning ustidan davlat yoki jamoatchilik tomonidan qat’iy nazorat o‘rnatilishi kerak. O‘quvchilarni bepul ovqatlantirish uchun ajratilayotgan mablag‘ juda katta. O‘zbekistondagi 10 mingdan ziyod maktabda 2,3 trln so‘mga hech bir muammosiz bepul ovqatlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish mumkin.

Biroq bugungi kunda hamma sohada kuzatilayotgan yulg‘ichliklardan kelib chiqib bu sohadayam o‘quvchilarni bepul ovqatlantirish uchun ajratilayotgan pullar ham o‘zlashtirilishi mumkinligidan xavotirdaman. Maktabda o‘quvchilarga ovqat bepul berilgani bilan uni qaysidir autsorsing yoki keytering firmasi tekinga yetkazib bermaydi. Buning uchun davlat budjetdan pulini to‘lab beradi. Ajratilayotgan kattagina mablag‘ kimlarningdir ishtahasini ochib yuborishi, agar qat’iy nazorat yo‘lga qo‘yilmasa, bundan qaysidir amaldorlarning cho‘ntak-korxonalarigina foyda ko‘rishi mumkin deb o‘ylayman”, deydi bloger Farrux To‘ramurodov

Uning ta’kidlashicha, maktablarda bepul ovqatlantirishni yo‘lga qo‘yish – oshig‘ich hal qilinadigan masala emas. Jamoat faoli o‘quvchilar ratsioni diyetolog va boshqa mutaxassislar bilan bamaslahat shakllantirilishi, bunda bolaning salomatligiga alohida e’tibor qaratish kerakligini urg‘ulaydi.

“Bu tashabbus ustida diyetologlar ishlashi kerak. Chunki o‘quvchilar orasida har xil bolalar bor. Ba’zilar sut va sut mahsulotlarini ko‘tara olmaydi. Kimdir tuxum yeya olmaydi, kimningdir qaysidir mahsulotlarga allergiyasi bo‘lishi mumkin. Bularning hammasini hisobga olgan holda ratsion ishlab chiqilishi kerak.

Bir kunda bitta o‘quvchi dars vaqtida qancha kilokaloriya energiyaga muhtojligi aniqlanishi lozim. Mana shu masalalar hal etilganidan so‘nggina maktablarda bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yilishi zarur. Agar ovqat autsorsing xizmati orqali olib kelib maktablarga tarqatiladigan bo‘lsa, ularni tayyorlash jarayoni ustidan ham muntazam va qat’iy nazorat o‘rnatilishi lozim deb hisoblayman. Bu narsalar amalga oshirilmaydigan bo‘lsa, ertaga maktablarda ommaviy zaharlanish kuzatilishi ehtimoli bor.

Bor e’tibor ajratilayotgan pulni qanday qilib bo‘lmasin o‘zlashtirishga qaratiladigan bo‘lsa, asosiy masala, ya’ni bolalar salomatligini mustahkamlash, bepul ovqatlantirishni yo‘lga qo‘yishda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bir chetda qolib ketishidan qo‘rqaman”, deydi bloger.

To‘rtko‘ldagi maktablarga yetkazib berilayotgan bir martalik ovqat ota-onalar noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Respublikadagi barcha maktablarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yilishi haqida xabarlar ortidan internetda Beruniy tumani maktablaridan birida bolalarga nonushta uchun qanday yemak berilayotgani aks etgan surat va videolar tarqaldi.

Videoda bolalarga nonushta sifatida berilayotgan yeguliklarning sifatsiz ekani yaqqol ko‘rinadi. Beruniy tumanidagi 15-maktabning 5 ming nafardan ziyod o‘quvchisiga keytering xizmati asosida oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beruvchi korxona rahbari ota-onalar murojaatidan so‘ng muammoni bir kun ichida bartaraf etishga va’da bergan. U o‘z so‘zining ustidan chiqqanmi yoki yo‘q, hozircha ma’lum emas.

Bloger Otabek Bakirov To‘rtko‘lda kuzatilgan holatga munosabat bildirar ekan, bepul nonushta ma’murchiligi o‘ta qimmat, samarasiz va o‘ta savolli xarajat ekanini ta’kidlagan.

“O‘ta muvaffaqiyatli kechgan tarzda ham hokimlarning cho‘ntagi bo‘lgan firmalarning budjet emadigan qo‘shimcha daromad vositasiga aylanadi.

Agar bolalarimizning ratsioni bizni o‘ylantirayotgan bo‘lsa, kam ta’minlanganlar va bolalar puli summasini ko‘paytirish samaraliroq ko‘rinadi.

Ijtimoiy himoya to‘g‘ridan to‘g‘ri kanallar orqali va prioritetlar afzalligi chizig‘i bo‘ylab amalga oshirilishi lozim”, deb yozgan Otabek Bakirov.

Davlat rahbari parlament va mamlakat aholisiga yo‘llagan murojaatida bepul ovqatlanish tushlik shaklida bo‘lishiga ishora qilgan.

“Farzandi maktabning o‘zida bir mahal yaxshi ovqatlanib olsa, ota-onaga ham yaxshi bo‘ladi. Keyin bola darrov uyga bormaydi, matematika, fizikadan qo‘shimcha dars o‘tadi”, degandi prezident Shavkat Mirziyov.

Respublika maktablari o‘quvchilari uchun yo‘lga qo‘yiladigan bepul ovqatlanish To‘rtko‘ldagi kabi yengil tamaddi shaklida bo‘ladimi yoki tushlikda berilgan issiq ovqat ko‘rinishida, hozircha bu aniq emas. Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati respublika maktablarida joriy etilishi kutilayotgan bepul ovqatlanish masalasida tug‘ilayotgan savollarga tegishli prezident qarori chiqqanidan so‘nggina javob berish mumkinligini bildirdi.

Mavzuga oid