Har qanday kadr biror vazifaga qo‘yilar ekan, uning shu tizimda o‘tkazgan ilk 100 kuniga qarab keyingi faoliyati uchun ham xulosalarni qilish mumkin, deyishadi.

Sherzod Shermatovning O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri sifatida ish boshlaganiga hali 100 kun bo‘lmagan bo‘lsa-da, shunga yaqin vaqt o‘tdi.

Xo‘sh, u dastlabki ikki yarim oylik faoliyatini qanday boshladi? Soha oldida turgan dolzarb muammolar – sifatsiz internet, byurokratik UzIMEI, ijtimoiy tarmoqlarning blokka tiqilishi, yetishmayotgan kadrlar kabi masalalar-chi, ular qanday hal etiladi?

Kun.uz muxbiri vazir bilan shu kabi mavzular atrofida intervyu uyushtirdi.

— Sherzod aka, bugun O‘zbekistonda qanday muammo bo‘lsaki, uning ildizlari ta’limda ekani haqida gapiriladi. Sizni 2018 yilda botqoqlikdagi ayni shu sohani isloh qilish uchun olib kelishgandi. Oradan 3 yil o‘tib esa, yana boshqa tizimga olindingiz. Bu nima bilan bog‘liq, ta’lim islohoti bo‘yicha oldingizga qo‘yilgan vazifalar bajarilib tugadimi, yoki kutilgan natijani berolmaganingizmi?

— O‘z faoliyatimga o‘zim baho berishim kerak emas aslida. Xalq ta’limi vazirligiga o‘tishdan avvalroq AKT vazirligida ham vazir o‘rinbosari va vazir vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlaganman.

Bugun AT (axborot texnologiyalari) sohasining ayniqsa O‘zbekistonda potensiali juda yuqori. Shunday ekan, uni O‘zbekistonning kelajagini belgilab beruvchi drayver sohalardan biri sifatida ko‘rish kerak. Xalq ta’limi vaziri bo‘lib ishlaganimda ham bo‘ yo‘nalishga foydasi tegadigan fundament yaratishga harakat qildik. Nima uchun bu sohani drayver bo‘lishi kerak deyapman? Hozir butun dunyoda ikkita yirik global trend ketyapti. Birinchi trend bu – pandemiya.

Ayni shu pandemiya sabab bugun g‘arb yoki sharqning rivojlangan mamlakatlarida davlat va nodavlat tashkilotlari ish faoliyatini to‘liq masofaviy shaklga ko‘chirmoqda.

Xo‘sh, bu biz uchun nimani bildiradi? Avval o‘zbekistonliklar AQSh yoki biror g‘arb davlatida ishlash uchun albatta, o‘sha mamlakatga borishi kerak bo‘lardi. Hozir esa ko‘plab vazifalarni internet orqali bajarish mumkin bo‘lyapti. Biz bu imkoniyatdan iqtisodiyotimizni rivojlantirishda foydalanishimiz mumkin.