O‘zbekiston | 09:52 / 26.11.2024
1403
3 daqiqa o‘qiladi

10 oyda salkam 16 ming kishi oiladagi zo‘ravonlik uchun javobgarlikka tortildi

O‘zbekistonda 10 oy ichida oiladagi zo‘ravonlik uchun 15 mingdan ortiq kishi ma’muriy javobgarlikka, 399 kishi esa jinoiy javobgarlikka tortildi.

Oliy sud O‘zbekistonda 2024 yilning 10 oyida oilalarda kuzatilgan zo‘ravonliklar sonini ochiqladi

10 oy, ya’ni yanvar-oktyabr oylari davomida mamlakatda 15 427 nafar shaxs oiladagi zo‘ravonlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Ularga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59−2-moddasi qo‘llangan. Shundan 9210 nafariga jarima jazosi, 6217 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.

Mazkur moddaga ko‘ra, xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqni amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek ushbu shaxslar sog‘lig‘ining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish, basharti jinoyat alomatlari, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarliklar alomatlari mavjud bo‘lmasa, BHMning 10−20 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

399 nafar shaxs oiladagi zo‘ravonlik uchun Jinoyat kodeksining 126−1-moddasi bilan sudlangan. Ularning 126 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 255 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan. 18 nafar shaxs shartli hukm qilingan.

Jinoyat kodeksiga ko‘ra, mazkur moddada bilan xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek ushbu shaxslar sog‘lig‘ining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qo‘rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo‘yish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilishi, shuningdek, basharti boshqa jinoyat alomatlari nazarda tutiladi.

Mavzuga oid