2018 yil 15 martdan boshlab rasman «Qozog‘istonda O‘zbekiston yili» boshlandi. Tan olib aytish kerakki, gavjum Olmaota va go‘zal Ostona shaharlari Markaziy Osiyoda keyingi o‘n yillikning eng qudratli shaharlari ro‘yxatida peshqadam bo‘lishga to‘la imkoniyati bor.

Ostonaga tashrif buyurgan har qanday sayyoh o‘sha mashhur Bayterek monumentiga chiqishga harakat qiladi. Rivoyat qilishlaricha, bu qadimgi Hayotbaxsh daraxt qozoq tilida Bәyterek deb atalgan. Uning ildizlari yer ostini, novda ustidagi toj esa osmonni tutgan. Har yili afsonaviy Samruq qushi uning yuqori shoxlari orasiga tilla tuxum qo‘yadi. Aydahar (ajdarho) esa uni yeydi. Shunday qiziq rivoyat bilan yo‘g‘rilgan daraxt monumentini qurish ishlari 1996 yil boshlandi. Bu voqea poytaxtning Olmaotadan Aqmolaga ko‘chirilishi bilan bog‘liq.

Bayterekning atrofi Dubayni eslatuvchi osmono‘par, oynavand binolar bilan qurshalgan. Ishbilarmonlik markazlari-yu, ko‘ngilochar yemakxonalardan ishtiyoqim ortib, aylanib yurganimda o‘zbek tilida suhbatlashib turgan uch nafar o‘zimizning qorako‘zlarni uchratdim.

«Assalomu alaykum, o‘zbekmisiz?», Ostonada o‘zbeklarni kam uchratganim uchun beixtiyor so‘radim.

«Ha, keling, uka. O‘zbekistondanmisiz? Yoki shu [Qozog‘iston] yerlikmisiz?», deb so‘radi ularning orasida eng yosh ko‘ringanlardan biri.

Kiyimidan ular shu yaqin atrofdagi binoda ishlasa kerak, deb ichimda gapira boshladim. Aslida ishchilarning formasiga qarab darhol ajratmayman-ku, ammo quruvchining bosh kiyimiga o‘xshagan bosh kiyim shubhaga o‘rin qoldirmadi. O‘zimni tanishtirdim. Keyin bilsam, Sobir akaning (uchovlonning eng kichigi) asl kasbi muallimlik bo‘lib chiqdi.

«Ochig‘i, O‘zbekistonda ham hech kim och qolmaydi. Bir kishi farzandlari, ota-onasi va ro‘zg‘oridan ortinib mashina ham olyapti, uy ham quryapti. Ammo, siz o‘qituvchi bo‘lsangiz, bu gaplarni aytgan insonning yuziga ham qaramay so‘kib tashlaysiz. Men ancha yildan buyon xorijda ishlayman. Professional alpinist bo‘lib, hujjatlar oldim. Ammo, o‘qituvchi bo‘lib yurgan paytimdek, yurak siqilmaydi: pulim yetarli, oilamga ham yuboraman. Shu katta binolarda oyna artuvchiman. Ishim bitsa, qo‘noqqa ketaman, binoga qorovul bo‘lib qolmayman. Oyligimdan hech kim ushlab qolmaydi, majburiy obuna, paxta yig‘imi, temir top, degan gapning o‘zi yo‘q. Behudaga qog‘oz to‘ldirmayman, plastik kartamni ko‘tarib, qanday naqdlashtiray, demayman», deydi o‘zbekistonlik sobiq o‘qituvchi.